“Freestyle Chess”: Abdusattorov g‘oliblik uchun, Sindorov 5-8-o‘rinlar uchun kurashadi
Bugun, 14-fevral kuni Germaniyaning Vaysenxaus shahrida dunyoning eng kuchli 8 nafar shaxmatchisi ishtirokida davom etayotgan “Freestyle Chess” bo‘yicha jahon chempionatining yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollaridan iborat musobaqaning dastlabki saralash bahslari har jihatdan qiziqarli o‘tdi.

7 ta turdan iborat aylanma tizimdagi o‘yinlarda grossmeyster Magnus Karlsen 4,5 ochko jamg‘arib, yetakchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov, germaniyalik Vinsent Keymer va AQSH vakili Fabiano Karuana 4 ochko jamg‘arib, keyingi pog‘onalarni band etgan holda 1-4-o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Saralash musobaqalarida kuchli to‘rtlikka kira olmagan amerikalik Xans Nimann, hindistonlik Arjun Erigaisi, hamyurtimiz Javohir Sindorov va AQSH sharafini himoya qilayotgan Levon Aronyan 5-8-o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Chempionat dasturiga binoan bugun kun davomida yarim final o‘yinlari o‘tkazilsa, 15-fevral kuni final bahslari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, chempionatda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. 2-o‘rin 60, 3-o‘rin 40, 4-o‘rin 30, 5-o‘rin 25, 6-o‘rin 20, 7-o‘rin 15, 8-pog‘onadan joy olgan ishtirokchi 10 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA