Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qon texnoparkida zamonaviy podstansiya qurilmoqda

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida barpo etilayotgan “Qo‘qon texnoparki” maxsus sanoat zonasi investitsiya muhitini yanada yaxshilash, zamonaviy ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hududda umumiy qiymati 166,5 million AQSH dollariga teng 11 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 1200 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihalarning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida texnopark hududida zamonaviy yuqori kuchlanishli podstansiya qurilmoqda. Infratuzilma ob’ekti “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan tasdiqlangan loyiha asosida jadal sur’atlarda barpo etilmoqda.

Podstansiyani texnik jihatdan jihozlash uchun quvvati 40 MVA bo‘lgan ikkita zamonaviy transformator Xitoy Xalq Respublikasidan keltirildi. Ayni paytda ularni o‘rnatish va montaj ishlari mahalliy mutaxassislar tomonidan xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda.

Keyingi bosqichda podstansiyadan texnopark hududiga elektr energiyasini yetkazib berish uchun temir-beton tayanchlar o‘rnatish, yangi elektr tarmoqlarini tortish va tashqi infratuzilmani mustahkamlash ishlari bajariladi. Bu esa rezident korxonalarni ishonchli va uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlash imkonini beradi.

Qurilish-montaj ishlari tasdiqlangan loyiha hujjatlari va amaldagi texnik me’yorlar asosida olib borilmoqda. Sifat va xavfsizlik talablariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur energetik infratuzilma ob’ekti “Qo‘qon texnoparki”ning samarali faoliyatini ta’minlab, sanoat taraqqiyotini quvvat bilan ta’minlash, investitsiya jozibadorligini oshirish va aholi bandligini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA