Havo ifloslansa, sizga SMS keladi: yangi tizim qanday ishlaydi? (+video)
O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilish va havo ifloslanishining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida atmosfera havosi sifati ko‘rsatkichlarining milliy indeksatsiyasi joriy etilmoqda.
Mazkur tizim havo sifati holatini aniq baholash, aholini o‘z vaqtida xabardor qilish va profilaktik choralarni ko‘rish imkonini beradi.
Sanepidqo‘mita axborot xizmatining ma’lum qilishicha, milliy indeksatsiyaga ko‘ra, atmosfera havosi ifloslanish darajasi ustuvor moddalar — PM2.5, PM10, NO₂, CO₂, CO va O₃ miqdori asosida baholanadi. Kunlik monitoring Gidrometeorologiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Havo sifati esa quyidagi rangli darajalar orqali belgilanadi:
• Yashil — havo xavfsiz, ifloslanish me’yordan oshmagan.
• Sariq — sezgir aholi guruhlari uchun qisqa muddatli ta’sir bo‘lishi mumkin.
• Zarg‘aldoq — ayrim guruhlarda noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin.
• Qizil — aholining ko‘p qismi salomatligiga salbiy ta’sir xavfi mavjud.
• Binafsharang — yuqori darajadagi ifloslanish, cheklov va kuchaytirilgan profilaktika choralari talab etiladi.
Havo sifati darajalari haqidagi ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinadi. Agar havo “qizil” yoki “binafsharang” darajaga yetsa, aholiga SMS, elektron pochta va ommaviy axborot vositalari orqali tezkor xabar yuboriladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi havo ifloslanishini kamaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilish choralarini belgilaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi havo ifloslanishining tibbiy jihatlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi va tibbiyot xodimlarini o‘qitadi.
Shuningdek, Sanepidqo‘mita havo ifloslanishi dinamikasini doimiy tahlil qilib boradi hamda har yili uning aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan hisobot tayyorlaydi.
Shu tariqa milliy indeksatsiya tizimi havo sifati haqida aniq va tushunarli ma’lumot berish, xavfli holatlarda aholini o‘z vaqtida ogohlantirish va salomatlikka salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OH9T_RSvO68" title="Havo ifloslansa, sizga SMS keladi: yangi tizim qanday ishlaydi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mohichehra Eshmirzayeva, O‘zA