Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qo‘ng‘irot tumani Madaniyat saroyida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda madaniyat bo‘limi xodimlari, ijodkor yoshlar tomonidan Navoiy g‘azallari o‘qildi, mumtoz kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari hamda ma’ruzalar ishtirokchilarga ma’naviy zavq bag‘ishladi.
Tadbir yoshlar qalbida milliy qadriyatlarga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlash, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
***
Nukus tumanida 2026 yil uchun “Ayollar daftari”ni yuritish va undagi o‘zgarishlar yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi, tuman hokimligi mutasaddilari va “Ayollar daftari”ni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish, ularning muammolarini tizimli ravishda hal etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam berish haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yordamga va ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlar tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, psixologik va huquqiy qo‘llab-quvvatlash tartibi bo‘yicha tushunchalar berildi.
***
Shumanay tumani Madaniyat bo‘limida mahallalardagi iqtidorli yoshlar ishtirokida “Mahalladan tanilgan iste’dod” mavzusida tanlov bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyish etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan san’at va ijodga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi. Tanlov yoshlarning madaniyat va san’at sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ishtirokchilar tuman hokimligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Ellikqal’ada tuman prokuraturasi tashabbusi bilan aholi bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.

Majburiy ijro byurosi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda ta’lim tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirga probatsiya va profilaktika ro‘yxatidagi, alimentdan qarzdor ishsiz shaxslar va bandligi ta’minlanmagan yoshlar jalb qilindi.
Mehnat yarmarkasida 33 ta korxona va tashkilot 347 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Tadbir yakunida 21 nafar shaxs doimiy ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, ishtirokchilarga ishga joylashish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri