Yuvish vositalari sifati bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan Navoiy shahrida joylashgan savdo shoxobchalaridan birida yuvish vositalari sifati yuzasidan nazorat xaridi amalga oshirildi.
Nazorat jarayonida “Kaplya” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan “VOX TOMCHI” nomli suyuq yuvish vositasi (olma hidli), shuningdek, “Barf” savdo belgili sintetik kukunli yuvish vositasi namunalaridan laboratoriya tahlillari o‘tkazildi.
O‘rganishlar natijasida mazkur mahsulotlar amaldagi standart talablariga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, mahsulot qadoqlarida standart belgilari, sertifikatlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, laboratoriya sinovlari davomida faol moddalarning massaviy ulushi belgilangan me’yorlarga mos kelmasligi qayd etildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan savdo shoxobchasiga ogohlantirish xati berildi hamda mazkur mahsulotlarni savdodan chiqarish bo‘yicha tegishli taqdimnoma kiritildi.
Hamroz Bayanov, O‘zA