Sun’iy intellekt O‘zbekiston atom sanoati mutaxassislari uchun yangi kasbiy ko‘nikmaga aylanmoqda
Sanoatni raqamlashtirish, barqaror elektr energiyasi manbalariga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishi hamda muhandislik ta’limini rivojlantirish O‘zbekistonda yangi texnologik kun tartibini shakllantirmoqda. Sun’iy intellekt strategik tarmoqlarda xavfsizlik va samaradorlikni oshirishning muhim amaliy vositasi sifatida ko‘rilmoqda.
Toshkentdagi “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti filialining direktori o‘rinbosari Vohid Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda sun’iy intellekt atom sohasida xavfsizlikni monitoring qilish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda kadrlar tayyorlash masalalarida eng ko‘p talab etilayotgan texnologiya hisoblanadi.
Ekspert biz bilan suhbatda sun’iy intellektning atom energetikasida qo‘llanilishi va kadrlar tayyorlashdagi o‘rni haqida fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Sun’iy intellekt bugungi kunda atom elektr stansiyalarida bir qator muhim yo‘nalishlarda amaliy samara bermoqda. Mamlakatimiz uchun ayniqsa, uchta yo‘nalish ustuvor ahamiyatga ega. Birinchisi, bu jamoatchilikning atom energetikasiga bo‘lgan ishonchini ta’minlovchi xavfsizlik va monitoring masalalaridir. Ikkinchisi, yangi energobloklarining ishonchliligi va iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi uskunalarga oldindan aniqlashga asoslangan texnik xizmat ko‘rsatish. Uchinchisi esa, raqamli egizaklar va sun’iy intellekt asosidagi trenajyorlar orqali kadrlar tayyorlash bo‘lib, bu mamlakatda mutaxassislar malakasini tez va sifatli oshirish ehtiyoji bilan bog‘liq. Shu bois, O‘zbekiston uchun sun’iy intellekt tajriba emas, balki xavfsizlik, samaradorlik va sohaning barqaror rivojini ta’minlaydigan, kelgusi atom loyihalari tuzilmasiga dastlabki bosqichdan joriy etilishi mumkin bo‘lgan amaliy vositadir.

Sanoatni raqamlashtirish va muhandislik ta’limini kuchaytirish sharoitida energetika sohasida sun’iy intellekt davlat texnologik strategiyasining uzviy davomiga aylanmoqda. Bu nafaqat ob’ektlar ekspluatatsiyasi samaradorligini oshirish, balki murakkab infratuzilmani boshqarishda barqaror mexanizmlarni shakllantirishni ham nazarda tutadi.
"Rosatom"ning atom sohasida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha tajribasini dunyodagi eng tizimli va texnologik jihatdan yetuk amaliyotlardan biri sifatida baholash mumkin. Korporatsiya sun’iy intellektdan atom ob’ektlarining butun faoliyati davomida, ya’ni loyihalashdan tortib ishga tushirish va faoliyat yuritishgacha foydalanadi. Operatorlar uchun intellektual yordamchilar katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va inson omili bilan bog‘liq xatolar xavfini kamaytirish imkonini beradi.
Energobloklarning raqamli egizaklari murakkab hamda noodatiy ish rejimlarini xavfsiz modellashtirishga xizmat qiladi. Oldindan tahlilga asoslangan tizimlar uskunalarning amaldagi holati asosida texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Bu esa stansiyalar faoliyatining ishonchliligi va iqtisodiy samaradorligini oshiradi. Bunday yondashuv xavfsizlik madaniyatini mustahkamlaydi, jarayonlarni esa yanada shaffof va samarali boshqarish imkonini beradi. O‘zbekiston uchun bu tajriba ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.
Sun’iy intellekt bilan ishlash asta-sekin atom sohasi muhandislari uchun yangi majburiy kasbiy ko‘nikmaga aylanmoqda. Zamonaviy atom energetikasi raqamli texnologiyalar, prediktiv tahlili, raqamli egizaklar va intellektual yordamchilardan keng foydalanmoqda. Bu esa mutaxassislardan nafaqat fizika va muhandislik bo‘yicha chuqur bilimlarni, balki sun’iy intellekt algoritmlari bilan ishlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash hamda modellashtirish va qaror qabul qilishda raqamli vositalardan foydalanish ko‘nikmalarini ham talab qiladi. Masalan, Toshkent shahridagi MMFI MTYAU filialida o‘quv dasturlari sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni hisobga olgan holda yangilanmoqda. Jumladan, mashinali o‘qitish, ma’lumotlar tahlili, raqamli modellashtirish va ixtisoslashgan dasturlash yo‘nalishlari joriy etilgan. Amaliy laboratoriya mashg‘ulotlari va kurs ishlari doirasida raqamli egizaklar yaratish, o‘lchash uskunalaridan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash hamda prediktiv tahlili algoritmlarini qo‘llashga oid vazifalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, filial xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim tashabbuslarini rivojlantirib, talabalarga sun’iy intellektning zamonaviy vositalarini amaliy misollar asosida o‘zlashtirish imkonini yaratmoqda. Ta’lim jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish O‘zbekiston atom sanoati uchun amaliyotga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlashga xizmat qilib, atom ob’ektlaridan xavfsiz, samarali va zamonaviy foydalanish uchun muhim bo‘lgan kasbiy salohiyatni shakllantiradi.
Sanoatda raqamli tashabbuslarning kengayishi, muhandislik maktablarining rivojlanishi va yoshlar orasida texnologik mutaxassisliklarga qiziqishning ortishi natijasida atom sohasida sun’iy intellekt innovatsiyadan amaliy infratuzilma vositasiga aylanyapti. Shu bilan birga, "ta’lim – texnologiyalar – xavfsizlik" aloqasi sohadagi yangi tuzilmasini shakllantirib, inson kapitali hamda intellektual tizimlarni mamlakat energetikasining uzoq muddatli barqarorligi uchun hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA