Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish: ikkinchi bosqich boshlandi
Yurtimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil davom etmoqda. Joriy yil 31 yanvar kuni mazkur tadbirning birinchi bosqichi yakunlanib, navbatdagi – ikkinchi bosqichga start berildi.
Qashqadaryo viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hasan To‘ychiyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda viloyatda tayyorgarlik ishlari belgilangan muddatlarda va tegishli talablar asosida amalga oshirilgan.
Ayni paytda shahar va tumanlardagi 776 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 4 ming 303 ta hisob uchastkalarida ro‘yxatga olish jarayonlari olib borilmoqda. Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, viloyat bo‘yicha mavjud 711 ming 172 ta xonadondan 604 ming 122 tasi, ya’ni 85 foizi onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 94 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlar to‘liq ro‘yxatga olindi.

Bu borada tashabbuskorlik va mas’uliyat bilan ish tashkil etgan mahalla faollari va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirilib, ularni rag‘batlantirish choralari ishlab chiqildi. Viloyat hokimining 2026 yil 17 yanvardagi farmoyishiga muvofiq, rag‘batlantirish mezonlari 5 ta yo‘nalishda belgilandi.
Jumladan, aholini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishda eng yaxshi natija qayd etgan 2 ta tuman (shahar) hokimliklariga infratuzilmani yaxshilash maqsadida viloyat mahalliy byudjetidan 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. “Biz kelajagimizga befarq emasmiz” g‘oyasi asosida so‘rovnomani to‘liq onlayn tarzda yakunlagan 3 ta mahallada yo‘llarni asfaltlash, transformator o‘rnatish, piyodalar yo‘lakchalari va mini stadionlar barpo etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonini birinchilardan bo‘lib yakunlagan 3 ta eng ilg‘or “mahalla yettiligi” vakillari Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya kabi xorijiy davlatlarga tajriba almashish uchun yuboriladi. Eng faol maktabgacha, maktab ta’limi va sog‘liqni saqlash tizimida g‘olib bo‘lgan hududiy bo‘lim rahbarlarining ham xorijiy xizmat safarida qatnashishi ko‘zda tutilgan. G‘oliblarni taqdirlash xarajatlari viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha mablag‘lari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarining samaradorligi, avvalo, fuqarolarning ushbu jarayon mohiyatini to‘liq anglab yetishiga bog‘liq. Shu bois ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot-tashviqot ishlari muntazam tashkil etilmoqda.
Qayd etilishicha, viloyatda xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida 65 ta xostel, 288 ta mehmon uyi va 51 ta mehmonxona “E-Mehmon” elektron dasturiga ulangan holda faoliyat olib bormoqda.
Farmonga muvofiq, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish orqali mavjud mol bosh soni, yer resurslari kabi muhim ko‘rsatkichlar ham baholanmoqda. Xususan, viloyatning sohil bo‘yi hududlarida jami 7 ming 642 gektar suv fondi yerlari mavjud bo‘lib, shundan 1 ming 908 gektari qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqli hisoblanadi.

Eng muhimi, ro‘yxatga olish natijasida aholi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha to‘liq, aniq va ishonchli ma’lumotlar shakllanadi. Bu ma’lumotlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi farovonligini ta’minlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, onlayn ro‘yxatdan o‘tmagan aholining 15 foizdan oshmagan qismi joriy yil 4 fevraldan boshlab “mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida 14 kun muddatda to‘liq qamrab olinishi belgilangan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari