Banklar hamda iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi standartlar joriy etildi
Ma’lumki, 2025 yil 28 oktyabrda Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu o‘zgartirishlar iste’molchilar huquqlarini mustahkamlash, bank xizmatlari bozorida shaffoflikni oshirish hamda qarzlar bo‘yicha xavflarni kamaytirish maqsadida ishlab chiqildi.
Qonunchilikda belgilanishicha, mazkur o‘zgarishlar bugun, 2026 yil 30 yanvardan rasman kuchga kiradi va banklar hamda iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi standartlar joriy etiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, tijorat banklari mijoz kredit shartnomasini rasmiylashtirishdan oldin standart chek‑listni taqdim etishlari shart. Bu chek‑list orqali xar bir iste’molchi, kredit olish bilan bog‘liq barcha xavflar va majburiyatlar haqida oldindan xabardor qilinadi.
Kreditning haqiqiy qiymati, foizlar, xizmat haqlari va boshqa xarajatlar haqida to‘liq ma’lumot oladi. Chek‑listni tasdiqlamay turib kredit shartnomasi tuzilmaydi.
Bu chora kredit oluvchining qarz olishda haqiqiy qaror qabul qilishini ta’minlaydi, noaniq shartlardan himoya qiladi va iste’molchiga qarz yuki tahlilini olib borish imkonini beradi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, agar fuqaro kredit to‘lovlarini kechiktirayotgan bo‘lsa, bank unga shartnomani qayta ko‘rib chiqish va yengillik berish imkonini taqdim etadi. Bu joriy iqtisodiy sharoitda fuqarolarning moliyaviy holatidagi o‘zgarishlarga moslashib, qarz yukini yumshatish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi qoidalar bilan banklar, fuqarolarni o‘z xohishidan ortiqcha qarz olishga undamasligi, davlat tomonidan ajratilayotgan ijtimoiy nafaqalar, shu jumladan ijtimoiy karta hisobvarag‘iga tushadigan mablag‘lardan qarz undirilishiga yo‘l qo‘ymasligi belgilab berildi. Bu choralar ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarga nisbatan adolatli munosabatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Banklar uchun yana bir muhim talab shuki, kredit berishda mijozning roziligisiz oldindan belgilangan belgilari yoki kredit parametrlarini shakllantirib qo‘ymaslik. Ya’ni har bir mijoz kredit shartlarini tanlashda mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega va bu huquq kafolatlanadi.
Yangi tartib bilan banklar omonatlarni jalb etishda fuqarolarga ofitsial va standart shaklda aniq ma’lumot berish majburiyatini ham oldi. Bu omonatchilarga to‘liq moliyaviy ma’lumot berish va noaniq shartlardan himoya qilish maqsadida joriy etilmoqda.
Bu o‘zgartirishlar mamlakatimizning moliya sektorini faqat bozor qoidalariga muvofiqlashtirmasdan, balki fuqarolarni kredit qarzlari bo‘yicha xavfdan himoya qilish, moliyaviy bilim va huquqlarini mustahkamlashni ham nazarda tutadi.
Banklar mijozlar bilan munosabatlarda ko‘proq shaffoflik va adolatlilikni ta’minlaydi. Moliyaviy xizmatlar bozorida ishonch darajasi oshadi. Qarzlar bo‘yicha noto‘g‘ri amallar va qarz yuki salbiy oqibatlari kamayadi.
Markaziy bank va moliya nazorati organlari tomonidan bunday standartlar joriy etilishi iqtisodiy saboqlardan kelib chiqqan holda qabul qilinmoqda. Xalqaro tajribada ushbu kabi chek‑listlar va fuqarolar huquqlarini muhofaza qiluvchi mexanizmlar moliyaviy xizmatlar bozorida iste’molchilarning ishonch darajasini sezilarli oshirgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA