Neft soyasidagi qarz, yoxud Xitoyning aqlli “yurishi”…
Venesuela Xitoydan yillar davomida juda ko‘p qarz olgan, bu to‘lovni pul emas, balki neft bilan qaytarishga kelishilgan.
Shu bois XXR banklari krediti evaziga muntazam ravishda Chin diyoriga xom neft jo‘natilgan. Bu tizim mamlakat iqtisodiyoti barqaror bo‘lgan davrda yaxshi ishlagan.
2017 yil Venesuela moliyaviy inqiroz sabab xalqaro qarzlarini to‘lay olmay qoldi. Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH sanksiyasi kuchaydi. Natijada mamlakatning neft sotish imkoniyati keskin cheklanib, pul oqimi izdan chiqdi. Shunga qaramay, Xitoy bilan aloqa butunlay uzilmadi. Yangi muhlat tayinlanib, majburiyatni yana neft orqali bajarishga izn berildi. Ya’ni, boshqa kreditorlarga pul berish iloji bo‘lmagan paytda ham XXRga neft yuborish davom etdi.

Hozir Venesuela Xitoydan qancha qarzligi to‘g‘risida rasmiy ma’lumot yo‘q. Turli moliyaviy institutlar taxminiga ko‘ra, bu summa 10–15 milliard dollar atrofida. Muammo shundaki, Janubiy Amerikaning ushbu davlati yillar davomida ochiq va ishonchli moliyaviy hisobot e’lon qilmagan. Shuning uchun xalqaro tashkilotlar mamlakat iqtisodiy holatini to‘liq baholay olmayapti. Boshqacha aytganda, qarz miqdori va to‘lov holati faqat bilvosita ma’lumot — neft eksporti hajmi va rasmiy bayonotlar orqali faraz qilinadi.
So‘nggi kunlarda AQSH Venesuela neft eksporti ustidan nazoratni kuchaytirib, tushadigan mablag‘ o‘ziga tegishli hisob raqamlariga yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Demak, endi Xitoy uchun jiddiy muammo tug‘iladi, chunki avvalgi tizimda qarz to‘g‘ridan-to‘g‘ri neft orqali yopib kelingan. Endi qarz qaytishi Vashington qaroriga bog‘lanib, siyosiy jihatdan murakkab vaziyat yuzaga kelgan.

Xulosa shuki, Venesuela – Xitoy munosabatida neft oddiy resurs emas, balki qarzni so‘ndirish vositasi edi. AQSH sanksiyasi va neft eksporti ustidan nazorat kuchaygani sayin, mazkur mexanizm izdan chiqmoqda. Ikki mamlakat iqtisodiy aloqalari yechimi yirik geosiyosiy kelishuvlarga taqalmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA