Ishlab chiqaruvchi korxona va tashkilotlar uchun ekologiyaga zarar yetkazmasliklari uchun qanday majburiyat yuklatilgan?
Huquqiy munosabat
Ma’lumki, havoning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda atmosfera havosiga chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalarning tashlanishini oldini olish, uni keskin kamaytirish borasida aniq tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagicha tushuntirish berdi:
– Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 783-sonli qarorida faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlarini va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar atmosfera havosiga chiqariladigan chiqindilarni tozalash va unga zararli fizikaviy ta’sirni kamaytirish uchun inshootlar, qurilmalar va asbob-uskunalardan, shuningdek ularning ustidan nazorat qilish vositalaridan foydalanish hamda ularning ishlash qoidalariga rioya etishi, shuningdek, yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini o‘rnatishi belgilab qo‘yilgan.
Korxonada ekologik ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari hamda lokal suv tozalash inshootlarini joriy etish va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Masalan, ushbu tadbirlar doirasida chiqindi oqimlarini to‘liq qamrab oluvchi filtrlash moslamalarini o‘rnatish asosiy texnologik yechim sifatida belgilanadi. Ya’ni, korxona muassasa va tashkilotlarning majburiyatlaridan biri, ularning quvurlariga filtrlash moslamalarini o‘rnatishi belgilangan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA