Raqamli yuridik ta’lim ekotizimi – ijtimoiy davlat taraqqiyoti omili
Ma’lumki, yuridik ta’lim ekotizimini shakllantirish ijtimoiy davlat huquqiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib hisoblanadi. Shu bois, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi yuridik ta’lim va amaliyoti ekotizimi oldiga ham mutlaqo yangi talablarni qo‘ymoqda. Ijtimoiy davlat huquqiy siyosatida raqamli transformatsiya ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani bois, raqamli zamonaviy yuridik ta’limni rivojlantirish ayniqsa, yuridik klinik va dual ta’lim tizimi bilan uyg‘un holda tashkil etish masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan oqilona foydalanilgan holda zamonaviy yuridik klinik va dual ta’lim tizimida yana bir juda muhim jihat mavjud bo‘lib, u yuridik fan, ta’lim va amaliyot (faoliyat)ning integratsiyasi asosida bo‘lajak huquqshunos mutaxassislar uchun o‘ziga mos kasbiy ish o‘rinlarini topish, huquqni qo‘llovchi idora va tashkilotlarga malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradigan raqamli ekotizimni shakllantirish va rivojlantirishda yorqin namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 26 dekabrida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida alohida ta’kidlanganidek, endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur. Shuningdek, “dual ta’lim” asosida o‘qish asosida daromad topish va o‘qitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga imtiyozlar berish ko‘zda tutilgani bejiz emas.
Eng avvalo, shuni qayd etish joizki, raqamli yuridik ta’limning asosiy maqsadi — zamonaviy va fidoyi huquqshunos kadrlarni tayyorlash, ya’ni nafaqat huquqiy bilimlarga, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron hujjat aylanmasi, raqamli dalillar, onlayn sud muhokamalari va elektron davlat xizmatlari bilan ishlash ko‘nikmalariga ega mutaxassislar korpusini shakllantirish. Yuridik klinika raqamli yuridik ta’limni amaliyot bilan integratsiyalashuvida g‘oyatda muhim vosita hisoblanadi. An’anaviy klinik faoliyatdan farqli ravishda, raqamli yuridik klinikalar orqali talabalar aholiga onlayn huquqiy maslahatlar berish, elektron murojaatlar bilan ishlash, raqamli platformalarda huquqiy hujjatlar tayyorlash hamda masofaviy huquqiy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu nafaqat talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshiradi, balki aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, dual ta’lim tizimi raqamli yuridik ta’limni samarali joriy etishda alohida ahamiyatga ega. Dual yuridik ta’lim shaklining afzalliklarini bir qator omillar asosida tavsiflab berish mumkin. Birinchidan, oliy yuridik ta’lim muassasasida bilim va yuridik amaliy faoliyatni uyg‘unlashtirish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchidan, mukammal kasbiy bilimlarni egallagan malakali yurist mutaxassislar va pedagoglardan bir vaqtda ta’lim olish uchun sharoit yaratiladi. Uchinchidan, huquqni qo‘llovchi idora va tashkilotning tajribali mutaxassislarini pedagogik faoliyatga jalb etish imkoniyati ham yaratiladi. To‘rtinchidan, yuridik ta’lim va huquqni qo‘llash amaliyot o‘rtasida integratsiyalashgan kasbiy aloqalarni shakllantirish, huquqni qo‘llovchi tashkilotlarning aniq talablarini yuridik ta’lim mazmuni va sifatini oshirishda ularni hisobga olish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, nazariy va amaliy kasbiy ko‘nikmalarni egallash va qolaversa, yuridik faoliyat sohasiga moslashish uchun sharoit vujudga keladi.
Yuridik dual ta’lim nazariy mashg‘ulotlarni ta’lim muassasasida, amaliy tayyorgarlikni esa huquqni qo‘llash tashkilotida olib borishni uyg‘unlashtirib, bo‘lajak huquqshunos mutaxassislarni tayyorlashda samarali va muvozanatli yondashuvni ta’minlaydi. Yuridik dual ta’lim shakli talabalarga oliy yuridik ta’lim muassasasida o‘quv mashg‘ulotlarda qatnashish, huquqni qo‘llash tashkilotida ishlash va amaliyot o‘tash bilan birga mehnat shartnomasi asosida ish haqi olish imkoniyatini ham beradi.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham nazarda tutilgan eng muhim masalalardan biri sifatida Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etilishidir. Bunda ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 50 foizi (amaliyot qismi) sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Shu ma’noda ta’lim dasturlarining nazariy qismlarini amaliy misollar asosida o‘qitish (problem-based learning) orqali talabada muammoli vaziyatni tahlil va xulosa qilish kabi «yumshoq» ko‘nikmalar (soft skills) va nazariy bilimlarni shakllantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ta’lim dasturlarining amaliy qismlari sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, konsalting va sohaga doir boshqa tashkilotlarda, shuningdek, yuridik klinikada seminarlar o‘tkazish orqali olib boriladi.
Xorijiy tajribada dual (amaliyotga yo‘naltirilgan) ta’limni klinik yuridik ta’lim bilan (real keyslarni hal qilish orqali amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan) uyg‘unlashtirish keng qo‘llaniladi. Bu yondashuv stajirovkalar, yuridik klinikalardagi amaliyot, simulyatsiya mashg‘ulotlari va mentorlik asosidagi o‘qitish orqali malakali yuristlarni tayyorlashga xizmat qiladi. Nazariya bilan amaliyotni integratsiya qilish kasbiy vakolatlilik va axloqiy standartlarni shakllantiradi. Ayniqsa, bunday tajriba AQSH va Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Qolaversa, Yaponiya Kanada davlatlarida ham yuristlarni tayyorlashning o‘ziga xos tajribasi shakllangan. Eng avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, klinik ta’lim AQSHda shakllangan bo‘lib, talabalarga o‘qituvchilar nazorati ostida real o‘quv va amaliy ishlar bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Yuridik klinikalar orqali kam ta’minlangan aholiga bepul huquqiy yordam ko‘rsatiladi va amaliy ko‘nikmalar rivojlantiriladi. Shunga monand tarzda dual tizim esa stajirovkalar, yuridik firmalarda o‘qish va ishlash (apprenticeships), shuningdek amaliy mehnat faoliyatini o‘z ichiga oladi. Bu talabalarga bitiruvgacha bo‘lgan davrdayoq kasbiy muhitga moslashish imkonini beradi. Bunday amaliyot Buyuk Britaniya va Avstraliyada ham keng qo‘llaniladi. Kezi kelganda shuni ta’kidlash joizki, yuridik klinik va dual ta’limni uyg‘unlashtirish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy o‘quv dasturlar har ikki yondashuvni uyg‘unlashtiradi, ya’ni talabalar universitet klinikalarida klinik amaliyot o‘tash bilan birga, yuridik firmalar yoki davlat organlarida dual stajirovka dasturlarida ishtirok etadi va turli sohalarda tajriba orttiradi. Xorijiy tajribaning asosiy elementlari bo‘lmish «Learning by doing» (amaliyot orqali o‘rganish)ni samarali qo‘llashni taqozo etadi. Yuridik klinik ta’limning asosi bo‘lib, talabalar maslahat beradi, hujjatlar tayyorlaydi, sud jarayonlarida ishtirok etadi (albatta, nazorat ostida).
Xorijiy davlatlarda, ayniqsa Germaniyada, yurisprudensiya sohasidagi dual ta’lim tizimi oliy ta’lim muassasasidagi nazariy o‘qishni korxonalarda (yuridik firmalar, davlat organlari) haq to‘lanadigan amaliyot bilan uyg‘unlashtiradi. Bu tizim 3-4 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan “tayyor” mutaxassisni shakllantiradi va bitiruvchilarga ish faoliyatiga darhol kirishish imkonini beradi. Natijada talabalar ikki diplom yoki ikki xil malakaga ega bo‘ladi. Hozirgi paytda ushbu model boshqa mamlakatlarda ham joriy etish uchun faol o‘rganilmoqda. Asosiy elementlari — talaba, oliy ta’lim muassasasi va ish beruvchi o‘rtasidagi uch tomonlama shartnoma, doimiy amaliyot va mehnatga haq to‘lanishi bo‘lib, bu akademik tayyorgarlik bilan mehnat bozorining real talablari o‘rtasidagi tafovutni kamaytiradi. Amaldagi yuridik klinik va dual ta’lim standarti faqat ayrim fanni nazarda tutadi, bu esa kasbiy faoliyat sohasining raqamlashtirilishi sharoitida mutlaqo yetarli emas. Shundan kelib chiqib, yuristlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish an’anaviy metodlar, usullar va vositalarni zamonaviy, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishga asoslangan o‘qitish usullari bilan uyg‘unlashtirishga tayanishi lozim, degan xulosaga kelish mumkin. Prezidentimiz Murojaatnomada haqqoniy e’tirof etganidek, jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda. Hammamizga ayonki, Mirzo Ulug‘bek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yo‘l xaritasini yaratishimiz lozim.
Xulosa qilib aytganda, raqamli ekotizimni shakllantirish sharoitida bo‘lajak huquqshunos mutaxassislarning yuridik klinik va dual ta’limni uyg‘unlashtirish asosida kasbiy ta’lim olish sifati va samaradorligini oshirish malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlashning g‘oyatda muhim garovi bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, yuridik ta’lim muassasalarida zamonaviy raqamli va sun’iy texnologik vositalaridan oqilona foydalanish hamda klinik va dual ta’limning samaradorligini oshirish o‘z navbatida, huquqshunos kadrlar tayyorlashning g‘oyatda muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Sh.Ruzinazarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori,
yuridik fanlar doktori,
Turon Fanlar akademiyasining akademigi