«O‘zbekiston – 2030»: taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqadigan strategiya muhokamada
Munosabat
Davlatimiz rahbari 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo‘llagan edi. Unda keyingi yillarda erishilgan salmoqli natijalar e’tirof etildi. Shu bilan birga «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini zamon talablari asosida takomillashtirish muhimligini alohida ta’kidlandi.
Bu fikr davlat siyosatining izchilligi va strategik rejalashtirishda pragmatik yondashuv ustuvor ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi muhokamasi davom etmoqda.

Ushbu hujjatda mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirishga qaratilgan strategik vazifalar belgilanmoqda.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili shuni anglatadiki, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, ikki yil oldin 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadi belgilangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichga 2026 yilning o‘zida erishilishi kutilayotgani iqtisodiy o‘sish sur’atlarining yuqoriligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, kambag‘allik darajasining 11 foizdan 5,8 foizga, ishsizlikning esa 6,8 foizdan 4,9 foizga pasayishi iqtisodiy taraqqiyotning ijtimoiy samaradorligi oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Takomillashtirilayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ushbu natijalarni mustahkamlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, inson kapitaliga sarmoyalarni oshirish, innovatsiya va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali o‘rta muddatli taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirishga xizmat qiladi.
Strategiya doirasida belgilanayotgan yangi ustuvor yo‘nalishlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, hududlar rivojida mutanosiblikni ta’minlash, aholining hayot sifati va farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Ayni jarayonda Qonunchilik palatasi deputatlarining faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. Deputatlar tomonidan bildiriladigan tahliliy fikrlar, joylardagi muammolarga asoslangan takliflar va konstruktiv tashabbuslar strategiyani hayotiy, amaliy va xalq manfaatlariga mos hujjat sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa qonun chiqaruvchi hokimiyatning davlat strategik rejalashtirishidagi o‘rni va mas’uliyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasining uzbekistan2030.uz hamda regulation.gov.uz platformalariga joylashtirilishi ochiqlik va jamoatchilik ishtirokini ta’minlashning muhim institutsional mexanizmi hisoblanadi. Keng jamoatchilik, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining muhokamada qatnashishi qabul qilinayotgan qarorlarning sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini takomillashtirishga qaratilgan mazkur farmon loyihasi mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish manfaatlarini ta’minlash, barqaror iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan muhim strategik hujjatdir.
Uning jamoatchilik muhokamasi orqali takomillashtirilishi esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotning yana bir yorqin namunasidir.
Zebiniso RAHMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA