Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va bolalar himoyasi yanada kuchaytiriladi
Parlament quyi palatasi majlisida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasi haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari S.Abdullayev batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Inson” ijtimoiy markazlari, reabilitatsiya va moslashtirish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga ko‘mak berilmoqda.

Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikda mavjud ayrim bo‘shliqlar zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ko‘mak berishda to‘liq huquqiy mexanizmlarni ta’minlashni talab etyapti.
Ushbu qonun loyihasi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda ayollarni reabilitatsiya qilish markazlariga zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish va sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, jabrlanuvchilar maxsus markazlarda bo‘lgan davrda ish joyi va lavozimini saqlab qolish kafolatlanmoqda. Bundan tashqari, markazlarda turgan ayollarga 1 oygacha bo‘lgan muddatda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, milliy qonunchilikka “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasini kiritish orqali bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi huquqiy asoslar takomillashtirilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan bir qator savol va takliflar o‘rtaga tashlandi. Qonun loyihasidagi normalar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning farzanlarini yanada qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanib, deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA