“Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili amalda
2023 yilda umumxalq referendumi asosida yangi tahrirda qabul qilingan mamlakatimiz Bosh qomusida mahalliy davlat hokimiyati tizimi takomillashtirilib, bir-biridan mustaqil mahalliy vakillik va ijro organlari shakllantirilishi belgilandi. Konstitutsiyaning 120-moddasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) Xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlari ekanligi qayd etilib, Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida Xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
Prezidentimizning 2024 yil 2 fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan ijro hokimiyatining jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etish bilan bog‘liq bir qator funksiyalari mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi. Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan Xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi.
Davlatimiz rahbari 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy Kengashlar raislari lavozimlarining bir-biridan ajratilgani kutilgan samarani berganini ta’kidlab, endi bu tizim 2026 yil 1 yanvardan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yilishini qayd etdi. Ushbu jiddiy siyosiy islohot – hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo o‘zgartirishni talab qilishi aytildi.

O‘tgan yilning so‘nggi kunlarida Samarqand viloyatidagi 16 ta Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylangan deputatlar orasidan Kengashlarga raislar saylandi va mahalliy Kengashlarga hokimlarning rahbarlik qilishi tugatildi.
Rais mahalliy Kengashga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi, Kengash faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish Kengash kotibiyati tomonidan ta’minlanadi.
– O‘tgan yil Xalq deputatlari viloyat Kengashi tarkibidagi barcha doimiy komissiyalar belgilangan reja asosida ish olib bordi va ular faoliyati natijasi viloyat hayotida, saylovchilar hayotida o‘z aksini topdi – deydi Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Saidahmad Usmonov. – Jumladan, mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi 90 dan ortiq masalani ko‘rib chiqib, ma’qul deb topilgan masalalarni viloyat Kengashi sessiyasida muhokama qilish uchun kiritdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining faoliyati ham har tomonlama samarali bo‘lganini ta’kidlashni istardim. Kengash ish rejasidagi ushbu komissiyaga tegishli bo‘lgan barcha bandlar to‘liq bajarildi.

Doimiy komissiyalar o‘z ishini masalalarni birgalikda, erkin muhokama qilish va hal etish, oshkoralik hamda doimiy komissiyalar a’zolarining tashabbuskorligi asosida tashkil etmoqda. Deputatlarga doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar muhokamasida faol ishtirok etish uchun imkoniyat yaratiladi, zarur hujjatlar yoki boshqa materiallar ularga oldindan yuboriladi.
Komissiya a’zolari tomonidan hududlardagi muammolar joyiga chiqqan holda o‘rganilishi, jamoatchilik fikri inobatga olinishi natijasida ayrim masalalar yuzasidan ishlab chiqilgan loyihalar qayta ishlab chiqish va takomillashtirish uchun ijrochiga yuboriladi. Bu amaliyot Kengash faoliyatini tizimli, samarali tashkil qilish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Deputatlarimiz o‘z saylov okrugi va saylovchilari manfaatlaridan kelib chiqib hamda aholi murojaatlari asosida “deputat so‘rovi” institutidan ham samarali foydalandi. Ular yil davomida saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarni hal etish hamda davlat va hududiy dasturlar ijrosini nazorat qilish yuzasidan tegishli vazirliklar, viloyat boshqarma va idoralar rahbarlari, tuman (shahar) hokimlariga 362 ta deputatlik so‘rovi yubordi. Ushbu so‘rovlarga javob berish muddatlari, tahlillar va ijro nazorati elektron tizim orqali yuritilishi natijasida ularning ta’sirchanligi sezilarli darajada oshdi. Eng muhimi, so‘rovlar ortidan saylovchilar hayotida ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida bundan buyon deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritilishini aytishi, deputat so‘rovi institutining maqomi yanada oshirilishiga katta turtki berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasida viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli Xalq deputatlari Kengashiga viloyatni, tumanni, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etishi, ushbu hisobotlar bo‘yicha Xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi belgilangan, – deya so‘zida davom etadi S.Usmonov. – “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunda ham Xalq deputatlari Kengashlarida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborot (hisobot)larini eshitib borish tartibi mavjud. Ana shu huquqiy asoslar bo‘yicha 2025 yilda o‘tkazilgan Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining sessiyalarida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining 25 ta hisoboti va 5 ta axboroti eshitildi. Jumladan, 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yigirmanchi sessiyada viloyat hokimi Adiz Boboyev joriy yilning to‘qqiz oyida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi rejalar bo‘yicha hisobot berdi.
Bundan tashqari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i va boshqa sohalar rahbarlari ham ham qonunlarda belgilangan muddatlarda Kengashga faoliyati yuzasidan hisobot, viloyat prokurori, adliya boshqarmasi boshlig‘i esa axborot berib borishi yo‘lga qo‘yilgan.

Oliy Majlis Senati Kengashining 2025 yil 28 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida hududiy davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining hisobot (axborot)larini eshitishning namunaviy Nizomi”ga muvofiq mahalliy Kengash hisobot (axborot)ni eshitish yakunlari bo‘yicha baho berishi ham mumkin. Shundan kelib chiqib, joriy yilda kommunal soha bo‘yicha bir nafar rahbarning hisoboti deputatlar tomonidan qoniqarsiz, deb topilib qaytarildi.
Prezidentimizning 2024 yil 2 fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilab berilgan edi. Unga ko‘ra, mahalliy Kengash hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar, qonun va qarorlar, davlat rahbari topshiriqlarining ijrosi yuzasidan nazorat faoliyatini ham amalga oshiradi. Ana shu tartibga ko‘ra, 2 dekabr kuni o‘tkazilgan sessiyada Prezidentimizning 25 noyabr kuni Samarqandga tashrifi davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan Xalq deputatlari viloyat Kengashi nazoratini o‘rnatish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbari viloyatda ishga solinmagan yangi imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish, yangi daromad manbalarini yaratish maqsadida bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan Kengash nazoratini o‘rnatish maqsadida ilk marotaba Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori qarori qabul qilindi va ijroga qaratildi.
Qaror bilan Narpay, Ishtixon hamda Urgut tumanlari hokimlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat Kengashiga har chorak yakuni bo‘yicha hisobot berib borishi belgilandi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 23 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida yana bir qator vakolatlar Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilishi belgilandi. Bu albatta, mahalliy Kengashlarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishdagi rolini oshirishga katta turtki beradi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri