Elektr energetikasida texnologik holatlar bo‘yicha yagona hisob yuritiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 dekabrdagi 850-son qarori bilan elektr energetikasi tizimida texnologik buzilishlarni tekshirish va hisobga olishning yagona tartibi belgilandi.
Mazkur qaror bilan “Elektr energetikasi tizimida texnologik buzilishlarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, elektr energetikasi tizimi faoliyati davomida yuzaga keladigan qator texnologik buzilishlar majburiy ravishda tekshirilishi va rasman hisobga olinishi shart. Jumladan, elektr qurilmalarining ekspluatatsiya jarayonida, rejali ta’mirlash, profilaktika ko‘riklari va sinovlar vaqtida aniqlangan shikastlanish holatlari shular jumlasidan.
Shuningdek, elektr qurilmalari va ularning elementlari ishdan chiqishiga olib kelgan, texnik yoki texnologik holat parametrlarining ruxsat etilmagan darajada chetga chiqishi ham texnologik buzilish sifatida qayd etiladi. Bundan tashqari, iste’molchilarga elektr energiyasini qisman yoki to‘liq rejalashtirilmagan holda yetkazib berishning to‘xtatilishi ham tekshiruv ob’ekti hisoblanadi.
Texnologik buzilishlar yuzaga keltirgan oqibatlarining og‘irligiga qarab, avariyalar hamda I va II darajadagi ishdan chiqishlarga tasniflanadi. Bunday holatlarni tekshirish jarayoni ular aniqlangan zahoti boshlanib, o‘n kun ichida yakunlanishi lozim.
Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash, uzatish va taqsimlash bilan shug‘ullanuvchi korxonada, shuningdek, ularga tegishli elektr tarmoqlarida sodir bo‘lgan barcha texnologik buzilishlar tegishli elektr energetikasi ob’ekti tomonidan hisobga olinadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA