BMT: Isroil tomonidan o‘ldirilgan har to‘rt falastinlikdan biri bola
BMT Gumanitar ishlarni muvofiqlashtirish idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil Isroil kuchlari va ko‘chib kelgan isrolliklar tomonidan o‘ldirilgan falastinliklarning to‘rtdan bir qismi bolalar. 1100 martadan ko‘p uyushtirilgan hujum natijasida kuzatilgan o‘lim soni taxminan 240 ta.
– Yil boshidan beri halok bo‘lgan jami 238 falastinlikning 56 nafari yoki 24 foizi bola, – deyilgan idora tarqatgan matbuot bayonotida. – Faqat so‘nggi ikki hafta ichida to‘rt nafar falastinlik bola hayotdan ko‘z yumdi, ko‘chib kelgan isroilliklar tomonidan amalga oshirilgan 46 hujum hujjatlashtirildi. Bu harakatlar qurbonlar va mulkiy zararga olib keldi.
2025 yilgacha G‘arbiy sohilda 270 dan ko‘p joyda qurbon berilishi yoki mulkka zarar yetkazilishi, 1770 ga yaqin hujum uyushtirilishi qayd etilgan. 65 foiz shunday holat Ramalloh, Nablus va Xevron muzofotlarida sodir bo‘lgan.
To‘siq devordan o‘tishga urinish chog‘i jarohatlangan falastinliklarning o‘rtacha miqdori so‘nggi uch oy ichida ikki barobar oshgani ta’kidlangan. 2023 yil oktyabrda yahudiy hukumati falastinlik ishchilar va boshqa fuqarolar Sharqiy Quddus va Isroilga kirishini bekor qilgan. Shundan beri to‘siq devordan o‘tishga uringan 14 falastinlik halok bo‘lgan, 224 kishi jarohatlangan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil harbiy harakati tufayli hududda halok bo‘lganlar soni 70 000 dan oshgan.
Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi sulh bitimi o‘tgan yil 10 oktyabrdan kuchga kirdi. Kelishuvning bir qismi sifatida HAMAS sektorda garovda ushlab turilgan 20 nafar isroillikni ozod qildi. Bunga javoban Isroil umrbod qamoq jazosini o‘tayotganlarni ham qo‘shib hisoblaganda, taxminan 2000 nafar falastinlik mahbusni qo‘yib yubordi.
S.Rahimov, O‘zA