Mehnat qilgan elda aziz
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Dashtqizilchovra qishlog‘i. Bir qarashda bu keng adirli hududlarda chorvachilikdan boshqa yumushga imkon yo‘qdek tuyuladi. Ammo izlanuvchan va tashabbuskor yoshlar bunga butunlay boshqacha yondashuvni namoyon etmoqda. Bugun qishloqda tumanda yagona bo‘lgan qo‘ziqorin yetishtirish tarmog‘i yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tashabbus mualliflaridan biri Jo‘rabek Qayumov o‘z oilasi bilan birgalikda tomorqadan samarali foydalanib, qisqa muddatda daromadli faoliyatni yo‘lga qo‘ydi.
– Bu ishni dastlab o‘z mablag‘imiz hisobidan, qiziqish bilan boshlaganmiz, – deydi J.Qayumov. – Hokim yordamchisi va mahalla yetakchisining ko‘magi bilan faoliyatimizni kengaytiryapmiz. Hozirda 150 kvadrat metr joyimiz bor, shundan 100 kvadratida qo‘ziqorin yetishtiryapmiz. Eng muhimi, oila a’zolarimizni to‘liq ish bilan ta’minladik.
Jo‘rabek mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, nafaqat o‘z bandligini ta’minladi, balki barqaror daromad manbaini ham yaratdi.
Ishning ko‘zini bilganga bir qarich yer ham xazina. Keyingi yillarda aholining yerga bo‘lgan munosabati o‘zgarib, tomorqachilikka zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Bu esa mahsuldorlik ortishi, aholi daromadlarining ko‘payishi va bandlik masalalarining ijobiy hal etilishiga xizmat qilmoqda.
Tumanning Pakandi mahallasidagi 10 sotixli issiqxona ham bunga yaqqol misol. Ushbu issiqxona bir oilani ham ishli, ham daromadli qildi.
– Issiqxonamizga pomidor ekib, yaxshi hosil olyapmiz, – deydi Yusuf Po‘latov. – Daromadi tufayli to‘y qilyapmiz, orzu-havaslarimizni ro‘yobga chiqaryapmiz. Mehnat qilgan elda aziz, deyishadi. Yerga mehr bersangiz, u sizni albatta boqadi.
Tashqarida qish hukm surib, zamin uyquga ketgan bir paytda, issiqxona ichida hayot qaynamoqda. Marjondek tizilgan ko‘chatlardagi pomidorlar dehqonning mashaqqatli mehnati, sabri va ishonchi samarasidir.
[gallery-26998]
Chiroqchi tumanida tomorqachilikda yangi usullarni joriy qilish orqali yiliga ikki-uch karra hosil olish mumkinligi amalda isbotlanmoqda. Bu esa mahalliy dehqonlarning o‘ziga xos tajriba maktabi shakllanayotganidan dalolat beradi.
Eng muhimi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi bunday tashabbuslar orqali tumanda aholini kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlik darajasini kamaytirishga erishilmoqda. Shu bilan birga, ichki bozorni sifatli va tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hajmi ham ortib bormoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari