“Green Garden Bukhara” fermer xo‘jaligida seminar
Buxoro tumani “Green Garden Bukhara” fermer xo‘jaligi dala maydonida g‘alla yetishtirish jarayonida hosildorlikni oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali amaliy seminari tashkil etildi. Tadbirda g‘allani oziqlantirish hamda “sho‘r yuvish” bo‘yicha ilg‘or agrotexnik usullar amalda namoyish qilindi.
Tumanda jami 273 ta paxta-g‘allachilik fermer xo‘jaliklari tomonidan 5 462 gektar, shundan, 112 ta chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan 955 gektar maydonda g‘alla yetishtirish amalga oshirildi. Buxoro viloyat g‘allachilik klasterlari tomonidan yakuniga yetgan dehqonchilik yilida boshoqli don yetishtirish uchun 14 milliard so‘mdan oshiq imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan.

Ko‘rgazmali seminarda agronomlar, mutaxassislar, suvchi mexanizatorlarga ayni qishki agrotexnik tadbirlar, yer unumdorligini oshirish, suvdan samarali foydalanish, sho‘rlanish darajasini pasaytirish va mineral o‘g‘itlarni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadbirda dala sharoitida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, 8 ming gektardan oshiq ekin yerida “sho‘r yuvish”ning bosqichlari, g‘allani ozuqa moddalar bilan ta’minlashda o‘g‘itlashning optimal me’yor va muddatlari ko‘rsatib berildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu ishlarni sifatli tashkil etish kelgusida yuqori va barqaror hosil olishning muhim omili hisoblanadi. Seminarda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, fermer xo‘jaliklarida samaradorlikni oshirish yuzasidan kechiktirib bo‘lmas agrotexnik tadbirlarni belgiladi.
Zarif Komilov. O‘zA muxbiri.