Suv havzalari himoya zonalaridan qanday foydalanilmoqda?
Andijon viloyatida tabiiy suv havzalari himoya zonalari, suv fondi yerlaridan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 7 maydagi “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida mavjud suv fondi yer maydonlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga yer maydonlarini doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish hamda mulk huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, “Norin – Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi 1 ta daryo (143,6 kilometr) himoya zonasiga kiruvchi 425,39 gektar hamda 5 ta tabiiy soy (103,8 kilometr) bo‘ylab 101,1 gektar sohilbo‘yi hududlarini ajratish bo‘yicha xatlov ishlari yakunlandi.
– Yuqoridagi hujjatlar ijrosi doirasida tegishli vazirliklar va viloyat hokimligi bilan hamkorlikda hududlardagi tabiiy suv ob’ektlari – daryolar, soylar hamda boshqa suv inshootlariga tutash suv fondi yer maydonlarini suv xo‘jaligi tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida rasmiylashtirish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirildi, – deydi “Norin – Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Tohirov. – Shuningdek, mahalliy hokimliklar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan suv fondi yerlaridan foydalanishga oid ijara shartnomalari qayta ko‘rib chiqildi. Natijada havza boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan jami 995 ta shartnoma belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirildi.
Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar nafaqat suv fondi yer maydonlarini huquqiy jihatdan tartibga solish, balki daryo va soylarning sohilbo‘yi mintaqalari yerlaridan samarali, maqsadli hamda oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, sohilbo‘yi yerlarining aniq chegaralanishi va huquqiy rasmiylashtirilishi orqali yerlardan foydalanish tizimi tartibga solinmoqda. Shu bilan birga, sohilbo‘yi mintaqalaridagi suv fondi yerlarida suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan yordamchi xo‘jalik sifatida foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa qo‘shimcha iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish, mavjud yer resurslaridan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tashkilotlarning moliyaviy barqarorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunga kelib, “Norin – Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda uning quyi tashkilotlari tomonidan sohilbo‘yi mintaqalaridagi suv fondi yerlaridan yordamchi xo‘jalik sifatida samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.
Tashkil etilgan yordamchi xo‘jaliklarida 200 boshdan ortiq qoramol, 4,5 ming bosh qo‘y-echki, 15 mingga yaqin parranda (tovuq, o‘rdak) parvarishlash, shuningdek, 11 gektar maydonda baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etish, 350 ta asalari qutilari joylashtirish, 56 gektar maydonga kuzgi g‘alla, 30 gektarga sabzavot, 20 gektarga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari, 60 gektar maydonga esa kartoshka ekish rejalashtirilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shu ishlar natijasida chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘nalishlarida barqaror faoliyat yo‘lga qo‘yiladi.
Yuqoridagi kabi ishlar suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish, aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, sohil bo‘yi yerlarida ko‘kalamzorlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, terak qalamchalari tayyorlash, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Bu orqali sohillarni mustahkamlash, yerlarning eroziyaga uchrashining oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy samara olish imkoniyatlari kengaymoqda.
Umuman, suv fondi yerlarini huquqiy rasmiylashtirish, suv havzalari himoya zonalaridan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar Andijon viloyatida suv xo‘jaligi tizimini rivojlantirish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish hamda ekologik muvozanatni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari