Jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan shaxmatchilarimiz tantanali kutib olindi
Bugun, 1 yanvar – yangi yilning ilk tongida Qatar poytaxti Doha shahrida ayollar hamda erkaklar o‘rtasida o‘tgan rapid va blits yo‘nalishidagi FIDE jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan iste’dodli shaxmatchilarimiz poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.

Jahon chempionatining blits bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining birinchi raqamli shaxmatchisi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov final uchrashuvida jahon reytingi yetakchisi Magnus Karlsenga qarshi bahs olib borib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan mutasaddi tashkilotlarning vakillari, keng jamoatchilik a’zolari, shaxmatchilarning yaqinlari, jurnalistlar jahon chempionida iqtidorli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 12,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 252 nafar qatnashchi orasida 14-o‘rinni egallagani, Nodirbek Yoqubboyev 11, Muhammadzohid Suyarov va Jahongir Vohidov 10, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov 9,5, Humoyun Bekmuratov 9, Islombek Sindorov 8 ochko jamg‘arish orqali reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilashga muvaffaq bo‘lgani katta maqsadlar sari tashlangan muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, chempionatning ayollar musobaqasining blits bahsida Umida Omonova 140 nafar ishtirokchi orasida TOP-8 talikdan o‘rin egallashi, Gulruhbegim Tohirjonova 8,5, Afruza Hamdamova 8, Madinabonu Xalilova 6,5 va Nilufar Yoqubboyeva 6,5, Guldona Karimovaning 5,5 ochko jamg‘argani xotin-qiz shaxmatchilarimizning xalqaro maydondagi ko‘rsatkichlari yaxshilanib borayotganini ko‘rsatdi.

Qatarda poyoniga yetgan jahon chempionati Javohir Sindorov uchun 2026 yilgi nomzodlar musobaqasiga hozirlik, Abdusattorov va boshqa sportchilarimiz uchun 2026 yilgi nufuzli turnirlar oldidan katta tajriba tuplash maydoni bo‘lgani bilan e’tiborlidir.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA