Qashqadaryoda Qorbobolar paradi
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo yoshlarining o‘zgacha sovg‘asi – Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan Qorbobolar paradi voha ahliga bayram kayfiyatini ulashdi. Qashqadaryoning salobatli tog‘lari – G‘ilon, Miraki va Maydanakdan yo‘lga chiqqan mingdan ziyod Qorbobo Qarshi shahriga tashrif buyurib, ko‘chalarni sehrli bayram shukuhiga burkadi.
Qarshi shahri soatining zarhal qo‘ng‘iroqlari ostidan boshlangan tantanavor yurish viloyatning bosh archasigacha davom etdi. Unda Qorbobo va Qorqiz, ertaklar olamining sevimli qahramonlari ishtirok etib, yuraklarni, ayniqsa bolajonlar qalbini quvonchga to‘ldirdi. Rang-barang liboslar, dilni yayratuvchi musiqalar va betakror sahna ko‘rinishlari barchani Yangi yil sehriga chorladi.
[gallery-26980]
Bu ajoyib parad viloyat bo‘ylab o‘tkaziladigan Yoshlar karnavallariga start berdi. Hozirda bayram tantanalari viloyat bosh archasi atrofida tashkil etilgan “Yoshlar karnavali” doirasida davom etib, tomoshabinlar e’tiboriga sahnaviy chiqishlar, konsert dasturlari va ko‘ngilochar o‘yin-kulgi havola etilmoqda.
Qorbobolar paradi – bu shunchaki bayram emas, balki ezgulik, hamjihatlik va Yangi yil orzularining yorqin timsolidir. Tadbir davomida yoshlarning g‘ayrati va tashabbuskorligi har qadamda namoyon bo‘lmoqda. Bu kabi bayram tadbirlari Qashqadaryo viloyatining har bir go‘shasida, mahallalarda davom etadi va yangi yil arafasida odamlarga yangi umidlar va ko‘tarinki kayfiyat ulashadi.
O‘zA fotomuxbiri
Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar