Zakovat va mas’uliyatli mehnat bilan
Munosabat
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini Namangan davlat texnika universiteti ko‘p sonli jamoasi ham bevosita kuzatib bordi. Unda ta’kidlanganidek, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati hisobiga 2025 yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi.
Bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish, bioinjeneriyadan keng foydalanish, ilg‘or agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qo‘llash, “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish, ta’lim va tibbiyotda ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlash orqali kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga barcha imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Mana shunday ulkan maqsadlarga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos.

Shularni hisobga olib, Prezidentimiz 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb nomlash bo‘yicha taklifi olqishlandi. Murojaatnomada 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratishga bag‘ishlangan to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishda kelgusi yili mamlakatimizdagi 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilab berildi.
Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Faxr bilan aytish mumkinki, ushbu oliygohlar qatorida Namangan davlat texnika universiteti ham bor.
Oliygohda bugungi kunda Asakabank va Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda sun’iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlab yuborildi. Qayd etilganidek, Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Abuda” universiteti boshqaruviga berishga qaror qilindi. O‘zbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar bo‘yicha yangi oliygoh tashkil qilish haqida kelishib olindi. Bu tajriba kelgusida davom ettirilib, aniq fanlar va texnika yo‘nalishidagi oliygohlarga dunyoning eng nufuzli universitetlari jalb qilinadi.
Murojaatnomada kasbiy ta’lim, xususan, texnikumlarga alohida e’tibor qaratildi. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab borilishi, Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi ma’lum qilindi.
Namangan davlat texnika universitetida viloyatdagi 32 ta texnikum bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida ushbu aloqalarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yanada mustahkamlash ustida izchil ish olib boramiz. Mamlakatimiz yetakchisi ta’kidlaganidek, mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadrlar kirib kelmoqda. Endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz. Bugun tarixning o‘zi, hayotning o‘zi zimmamizga shunday mas’uliyatni yuklamoqda. Jamoamiz bu borada o‘z oldiga katta marra va maqsadlarni qo‘ygan. Ularni sidqidildan amalga oshirish uchun bor kuch-g‘ayratimiz, salohiyat va shijoatimizni sarflashga tayyormiz.
Oybek Ergashev,
Namangan davlat texnika universiteti rektori, professor.
O‘zA.