Konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlari mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 18 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Ushbu Farmon ahamiyati va mazmun-mohiyatiga ko‘ra mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutini navbatdagi islohotlar davrini boshlab bergan tarixiy hujjat bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Biz, navbatdagi islohotlar davri deb, bejizga ta’kidlayotganimiz yo‘q, albatta. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yangi O‘zbekistonda bosqichma-bosqich va uzuliksiz olib borilmoqda.

Xususan, 2017 yilda Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilinishi butun bir mustaqillik yillarida, ta’bir joiz bo‘lsa, “sud islohotlaridan chetda qolgan” Konstitutsiyaviy sud o‘zining mutlaq yangilanish davriga yuz tutdi. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining vakolatlari avvalgi uchtadan oltitaga yetkazildi.
Konstitutsiyaviy sud - sud hokimiyatining alohida tarmog‘i ekanligidan kelib chiqib, uning tashkil etilishi, vakolatlari va faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab bergan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun 2021 yil 27 aprelda qabul qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda ilk bora konstitutsiyaviy shikoyat institutiga asos solindi. Konstitutsiyaviy sud jami 7 ta vakolatga ega bo‘ldi.
2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida qabul qilingan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida esa, Konstitutsiyaviy sudga referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish vakolati berildi. Bu bilan umumiy hisobda uning vakolatlari sakkiztaga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari natijasida, Prezident ta’biri bilan aytganda, tom ma’nodagi Konstitutsiya himoyachisiga aylandi.
Xullas, yuqoridagi Farmon Konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini mustahkamlash bilan birga mamlakatimizda olib borilayotgan demkratik islohotlar ortga qaytmasligini dalolat qiladi va bunda Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash bu shunchaki baland parvoz gaplar emas, balki davlat siyosati, va shaxsan Prezidentimizning oliy maqsadi ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Hujjatda Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir nechta vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, ushbu vazifalarni kelgusida amalga oshirilishi bilan Konstitutsiyamizning asosiy prinsipi - Konstitutsiya va qonunning ustunligini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz deb o‘ylaymiz.
Shu o‘rinda farmonning muhim bir jixatiga to‘xtalib o‘tsak. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
Mazkur axborot o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, shuningdek, u yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga oid konstitutsiyaviy normani amaliyotga tadbiq etilishiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etilishining ramziy ma’nosi bor. Chunki, Oliy Majlis va Prezident mamlakatda xalq irodasi bilan saylanadigan va faqat xalqdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolat oladigan yagona sub’ektlar hisoblanadi.
Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilvosita xalq nomidan qonunlar qabul qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezident esa fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir.
Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etishi ramziy ma’noga ega, deb bejiz ta’kidlamadik. Bu vakolatni Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi ham aynan shunda.
O‘tgan yillar davomida o‘ta muhim hujjat bo‘lgan Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborotini tegishli davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqish va uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha huquqiy asoslarni qonunchilikda aniq belgilanmaganligi uning amaldagi ijrosini lozim darajada bajarilmasligiga sabab bo‘layotgan edi. Vaholanki, konstitutsiyaviy nazoratning ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu “klassik usuli” Konstitutsiya ustunligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shuning uchun ham Prezident Farmonida Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axborotida qayd etilgan taklif va tavsiyalarni amalga oshirilishining samaradorligi va natijadorligini oshirishga oid Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudning takliflari e’tiborga olinib, kelgusida Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati bo‘yicha axborotida qayd etilgan taklif va tavsiyalarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasini Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlash amaliyotini joriy qilish belgilandi.
Shuningdek, mas’ul davlat organlari tomonidan Oliy Majlis palatalari Kengashlari tasdiqlagan chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan belgilangan muddatlarda Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudga axborot kiritish nazarda tutildi.
Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida belgilab qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega bo‘lishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi hamda yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishga oid konstitutsiyaviy normani amalda ijrosini so‘zsiz ta’minlanishiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida ta’midlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini samarali ta’minlanishi - Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson, uning huquqlari, erkinliklari, shuningdek, inson qadrini ulug‘lash, uni rozi qilish” kabi oliy qadriyatlarni konstitutsiyaviy odil sudlov darajasida munosib himoya qilish, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning - yangi mazmundagi konstitutsiyaviy tuzumini sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
ABDUMANNOB RAXIMOV ,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining
sudyasi,
yuridik fanlar doktori.
O‘zA