Senat: hududiy boshqaruv “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.
“O‘zbekiston - 2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda.


Bu Senat yalpi majlisida “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov qonunda mahalliy kengash raisi va hokimlar lavozimlari bir-biridan ajratilganligi sababli 9 kodeks va 69 qonun qayta ko‘rib chiqilganini ta’kidladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilgan vakolatlar mahalliy vakillik va ijro organlari o‘rtasida ixtisoslashtirish nazarda tutilmoqda.


Mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifalari kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim tamoyili asosida vakillik va ijro organlari o‘rtasida aniq taqsimlanayotgani, mahalliy kengash va hokimliklarning faoliyatiga xos bo‘lmagan va respublika ijro etuvchi organlar vakolatlariga oid takrorlanuvchi 8 vazifa bekor qilinayotgani muhokamalar davomida senatorlar tomonidan ta’kidlandi.
Senatorlar ma’qullagan qonun Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining keyingi bosqichi amalga oshirilishiga zamin yaratadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA