Xorazm viloyatidagi barcha hududlarda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida so‘nggi uch yilda qariyb 2 ming kilometr elektr tarmoqlari va 600 ga yaqin transformator punktlarida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari va 2 mingdan ortiq transformator puktlarida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Natijada 200 mingga yaqin xonadon va 4 mingta ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektining elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati Xorazm hududiy filiali bergan ma’lumotiga ko‘ra, viloyatda qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarining oldini olish hamda aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ayni damda Urganch shahrida joylashgan 110/6 kVli "G‘arbiy" podstansiyasidan chiquvchi "Transport kollej" elektr uzatish tarmog‘ida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
[gallery-26678]
Mukammal ta’mirlash jarayonida Urganch shahar elektr ta’minoti mutaxassis xodimlari tomonidan yangi temir-beton ustunlar o‘rnatish va tarmoqdagi mavjud qurilmalarni yangilariga almashtirish ishlari bajarilmoqda.
Bajarilayotgan amaliy ishlar natijasida iste’molchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida: Prezidentimizning 2024 yil 29 noyabrdagi qaroriga asosan viloyatda Xalqaro moliya institutlarining 140 milliard so‘m mablag‘i hisobidan 3 ta loyiha doirasida Hazorasp, Xiva, Xonqa, Shovot, Gurlan, Qo‘shko‘pir va Urganch tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanmoqda.
Loyihalar to‘liq amalga oshirilgandan keyin 139 mingdan ortiq aholi xonadonlari, 13 mingta yuridik iste’molchining elektrga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi.
Natijada har yili o‘rtacha 172 milliard so‘mlik 284 million kVt elektr energiyasini yo‘qotishning kamayishiga erishiladi hamda kelgusida ishga tushiriladigan ishlab chiqarish loyihalarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun quvvat zaxirasi yaratiladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari