Abdumalik Xalokov jahon chempionatida jangsiz g‘olib bo‘ldi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boks bo‘yicha IBA jahon chempionatining navbatdagi kunida terma jamoamizning uch nafar vakili muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqada vazni -75 kg bo‘lgan bokschimiz Fazliddin Erkinboyev ilk jangini Qirg‘iz Respublikasi vakili Sirgak Abdijapar uuluga qarshi o‘tkazdi va 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Shu tariqa u keyingi davrada armanistonlik Vaxtang Arutyunyanga qarshi ringga ko‘tariladigan bo‘ldi.
Jahon chempionatining -60 kg vazn toifasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Abdumalik Xalokov va ekvadorlik Kevin Moskuyera o‘rtasidagi bahs raqibning vazn me’yorlarini bajara olmagani sabab o‘tkazilmadi va Abdumalik jangsiz g‘olib deb topildi. Endilikda u keyingi bosqichda Ispaniya yoki Esvatini bokschilaridan biriga qarshi ringga ko‘tariladi.
Shuningdek, vazni -54 kg bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari orasida ishtirok etayotgan Asilbek Jalilov turkiyalik Sadai Axskaliga qarshi jang o‘tkazib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA