Uchinchi Renessans g‘oyasi – vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oya
Pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli urdu tilidagi kitobida jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi insoniyatni hamkorlikka chorlash, tinchlik va muloqot kabi qadriyatlarga asoslangan buyuk o‘zgarishlar loyihasi, shuningdek, vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyalardan biri sifatida taqdim etilgan.
Ushbu asarga Pokiston Bosh vaziri janob Muhammad Shahboz Sharif so‘z boshi yozganligi Pokiston davlati va xalqining Prezidentimizning g‘oyalari va xalqlar o‘rtasida hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan global miqyosdagi qator tashabbuslarining ham yuksak e’tirofidir.
Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi” degan so‘zlari muallif tomonidan kitobning falsafiy asosi sifatida talqin etilgan. Demakki, chin ma’nodagi o‘zgarishlar insonning ezgulik va adolatga xizmat qilish istagidan boshlanadi.

Mazkur asarda davlatimiz rahbarining insonparvarlikka asoslangan yangicha tafakkuri aks ettirilgan. “Mening nazarimda, – deb yozadi Muhammad Abbos Xon o‘z asarida, – insoniyat tarixida davlat yoki imperiyaning mavjudligidan ham barqarorroq narsa bor. Bu – buyuk g‘oyalar. Ular tarixning yo‘nalishini o‘zgartirib, kelajakni shakllantira oladigan qudratli kuch ham hisoblanadi. Ana shunday g‘oyalardan biri – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasi, deb bilaman. Zero, Uchinchi Renessans g‘oyasi – vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyadir. Mening nazdimda mazkur g‘oya inson tafakkurining bemisl ummoniga quyiluvchi qudratli daryoga o‘xshaydi.
Fikrimcha, bu g‘oya nafaqat O‘zbekiston kelajagi uchun asos, balki yangi, yanada uyg‘un va samarali dunyoni shakllantirishning innovatsion modeli hamdir”,– deb ta’kidlaydi muallif Muhammad Abbos Xon.
Mazkur kitob o‘quvchini teran mulohazaga chorlaydi – unda davlatimiz rahbarining tarix devor emas, balki ko‘prikka, kelajak esa raqobat emas, balki hamkorlik maydoniga aylanadi, degan fikrlari aniq misollar va hayotiy voqealar orqali ifoda etilgan.
Asarda, jumladan, O‘zbekiston milliy davlatchilik rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga oid qator tarixiy misollar keltiriladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli ushbu asar, shubhasiz, nafaqat o‘zaro tushunish manbasi, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqur anglash kaliti bo‘lib xizmat qila oladi, deb o‘ylaymiz.
Pokistonlik siyosatchi va ilmiy ekspertlarning fikricha, yozuvchi Muhammad Abbos Xon tomonidan yozilgan ushbu asar va unda ko‘tarilgan fikr va talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuqori baholanmoqda.
Hozirda “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobi o‘zbek tilida ham nashrga tayyorlandi.
O‘zA