Fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, do‘stlik, totuvlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam (+video)
Shu kunlarda mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida milliy madaniy markazlar pavilonining ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Haftalikning asosiy maqsadi — fuqarolik institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish, turli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishdan iborat.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston NNTlar milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, shuningdek “Birodar” shaharlar alyansi va “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Shukurov “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ning ahamiyati va milliy madaniy markazlar pavilonining ochilishi mamlakatda millatlararo totuvlik, madaniy xilma-xillik va hamjihatlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi.
Ko‘rgazma doirasida pavilonda barpo etilgan 22 ta millatning do‘stlik uylari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Ular orasida qozoq, qirg‘iz, turkman, boshqird xalqlarining an’anaviy o‘tovlari, shuningdek koreys, ukrain, grek, nemis, dungan, yahudiy, gruzin, arman, tatar, uyg‘ur, turk, tojik, xitoy, rus va ozarbayjon xalqlariga xos binolar joy olgan.
Har bir do‘stlik uyida milliy an’analar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, cholg‘u asboblari, adabiyotlar, san’at namunalari va urf-odatlardan iborat ekspozitsiyalar tashkil etilib, ko‘rgazma ishtirokchilariga o‘ziga xos madaniy muhitni his qilish imkoni yaratildi. Shuningdek, turli millat vakillari tomonidan badiiy chiqishlar ham namoyish etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, milliy madaniy markazlar paviloni fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, do‘stlik, totuvlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamdir.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/7rJsfyQLDdE" title="Fuqarolik jamiyatini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Oybek Davronov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA