O‘rmonlarni himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi namoyish qilindi (+video)
SITIES COP20 konferensiyasi doirasida “Tabiiy loyihalar: bioxilma-xillikni saqlash uchun o‘rmonlarning ekologik tasnifi” mavzusida parallel tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning maqsadi — O‘zbekiston o‘rmon ekotizimlarining ekologik tasnifi bo‘yicha ilmiy ishlanmalarni tanishtirish, zamonaviy texnologiyalarning noyob turlar yashash muhitini muhofaza qilishdagi imkoniyatlarini ko‘rsatish va tabiatni asrash borasidagi milliy hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.
Tadbirni Ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov va “Yashil loyiha” instituti direktori Olim Hakimov kirish so‘zlari bilan ochib berishdi. Ular tabiiy resurslarni baholash, ekotizimlarni monitoring qilish va ulardan barqaror foydalanish jarayonida ilmiy yondashuvning muhimligini ta’kidladilar.
Tadbirda quyidagi asosiy ma’ruzalar taqdim etildi:
— bioxilma-xillikni saqlash masalalarining davlat ekologik siyosatiga integratsiyasi;
— o‘rmonlarning ekologik tasnifi bo‘yicha ilmiy va amaliy yutuqlar;
— o‘rmonlarni barqaror boshqarish bo‘yicha tajriba va noyob turlarni muhofaza qilishda xalqaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari.
Tadbirning asosiy qismi — Farhod Dehqonovning “O‘rmonlarning ekologik tasnifi metodologiyasi: xaritalar, ma’lumotlar va noyob turlar yashash muhitini muhofaza qilish” mavzusidagi taqdimoti bo‘ldi. U sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh suratlari, GIS geoma’lumotlari va raqamli kartografiya yordamida O‘zbekistonda birinchi marta ekologik o‘rmon tasnifi yaratilganini ta’kidladi.
“Yashil loyiha” instituti tomonidan ishlab chiqilgan o‘rmonlarning ekologik tasnifi metodologiyasi O‘zbekistondagi o‘rmon ekotizimlariga bag‘ishlangan birinchi kompleks raqamli ilmiy platformaga aylandi. U SITES maqsadlariga xizmat qiladi va noyob turlar hamda ularning yashash hududlarini muhofaza qilishga muhim hissa qo‘shadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aUJlOsSmRh8" title="O'rmonlarni himoya qilish bo'yicha O'zbekiston tajribasi namoyish qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin NURIDDINOV, Anvarxo‘ja AHMEDOV, O‘zA