Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda 1,5 milliard so‘mlik zarar qoplandi
Bu haqda Qashqadaryo viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan davrda viloyat bo‘yicha iste’molchilardan jami 1001 ta murojaat qabul qilingani ma’lum qilindi. Murojaatlar tarkibiga e’tibor qaratilsa, ularning salmoqli qismi 851 tasi og‘zaki, 123 tasi yozma, 27 tasi esa elektron shaklda yo‘llangan. Og‘zaki murojaatlar ulushining yuqoriligi aholining tezkor yechim izlayotganini, elektron murojaatlar ulushining pastligi esa xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirishni yanada jadallashtirish zarurligini anglatadi.
Sohalar kesimidagi tahlil shuni ko‘rsatadiki, murojaatlarning ayni paytda eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelgan – viloyat bo‘yicha 205 ta murojaat aynan bozordagi sifat, kafolat va adolatli hisob-kitob masalalari bilan bog‘liq. Gaz ta’minoti bo‘yicha 170 ta, elektr ta’minoti bo‘yicha 99 ta, suv ta’minoti yuzasidan 91 ta murojaat kelib tushgan. Bu raqamlar kommunal xizmatlar tizimidagi muammolar iste’molchilarni hanuz tashvishga solayotganini ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, kommunal xizmatlarning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 141 ta murojaat qayd etilgani mazkur yo‘nalishda izchil islohotlar talab etilayotganini bildirmoqda.
Murojaatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida iste’molchilar manfaatlariga yetkazilgan 1 milliard 501 million so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zarar hisoblab chiqilib, ular foydasiga undirib berilishi ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich borgan sari iste’molchi huquqlari masalalariga tizimli yondashuv kuchayib, amaliy natijalar o‘z samarasini berayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, hisobot davrida iste’molchilar manfaatlarini sud orqali himoya qilishga qaratilgan ishlar ham amalga oshirildi. Xususan, hududiy birlashma, Qarshi shahar va Koson tumani jamiyatlari tomonidan jami 11 ta da’vo arizasi sudga kiritilgan. Bu arizalarda umumiy hisobda bir necha yuz million so‘mlik zarar masalalari ko‘tarilgan bo‘lib, sud qarorlari asosida iste’molchilarga yetkazilgan 427 million 153 ming so‘mdan ortiq zarar qoplab berilgan.
9 oylik yakunlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Qashqadaryoda iste’molchi huquqlari borasidagi faoliyat samara bermoqda, ammo kommunal xizmatlar va savdo sohasida hali hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘p. Murojaatlar sonining ortib borishi aholining huquqiy ongi o‘sib, o‘z talab va manfaatlarini himoya qilishda yanada faollashganini ko‘rsatadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri