Mehmonlar islom tarixi, Markaziy Osiyo xalqlarining ulkan ilmiy salohiyati haqida tasavvurga ega bo‘lmoqda
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurayotgan me’monlar tarixiy qo‘lyozmalar, qadimiy artefaktlar va ilmiy izlanishlar bilan tanishish jarayonida O‘zbekistonning boy madaniy merosini asrash va targ‘ib etishdagi ilg‘or yondashuvlarni yuqori baholamoqdalar.
Tojikiston delegatsiyasi poytaxtimizda qad rostlagan tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan mega loyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan katta taassurot oldi.

Sulton Rahimzoda, Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi:
– Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyoning boy ma’naviy va ilmiy merosini o‘zida mujassam etgan, juda ta’sirli va mazmunli maskan. Ushbu markaz muhtaram Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgani ham uning tarixiy, ma’rifiy va strategik ahamiyatini yanada oshiradi.
Bu yerga kelgan har bir mehmon mintaqamizdagi islom tarixining taraqqiyot yo‘li, Markaziy Osiyo xalqlarining ulkan ilmiy salohiyati va asrlar davomida shakllangan madaniyati haqida mukammal tasavvurga ega bo‘ladi. Ushbu markazga tashrif har bir inson uchun millat va mintaqa tarixini chuqur anglash, xalqlarimiz bosib o‘tgan taraqqiyot bosqichlarini bilish hamda olimlarimiz nafaqat o‘z yurtida, balki butun dunyo ilm-faniga qo‘shgan hissasini ko‘rish uchun muhim imkoniyatdir.
Mehmonlarning e’tiroficha, ushbu Markaz bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biridir.
Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotiga ko‘ra, tashrif chog‘ida Markaz vakillari va mehmonlar ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma tadbir va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdilar.
A.RUSTAMOV, O‘zA