Zelenskiy yangilangan tinchlik rejasini ijobiy baholadi
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Rossiya – Ukraina nizosini tugatishga qaratilgan 28 bandli tinchlik rejasi qayta ko‘rib chiqilgach, uni “amalga oshishi mumkin bo‘lgan yechimlar majmuasi” sifatida e’tirof etdi.
Avvalroq, rejaning ayrim bandlari Yevropa mamlakatlari tomonidan keskin tanqid qilingandi. Shu sabab, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya hujjatning qayta ko‘rib chiqilgan, ancha muvozanatli variantini ishlab chiqdi.
Bu orada poytaxt Kiyevga yana raketa va dron hujumlari amalga oshirilib, ko‘p qavatli uylar vayron qilindi, shahar bo‘ylab elektr va suv ta’minotida uzilishlar yuz berdi. Ukraina Energetika vazirligi bu hujumlarni “kombinatsiyalangan zarba” deb atab, infratuzilmani tiklash xavfsizlik sharoiti yaxshilangach boshlanishini ma’lum qildi.
Jenevada AQSH va Ukraina rasmiylari o‘rtasida o‘tgan muzokaralar ham tinchlik rejasini yangilash jarayonida muhim rol o‘ynadi. Muzokaralarda RF vakillari qatnashmadi. AQSH Davlat departamenti va Oq uy vakillari rejaning “Kreml tomonidan yozilgani” haqidagi da’volarni rad etib, Vashingtonning ziddiyatni adolatli sharoitda to‘xtatish uchun ikki tomon bilan ham muloqot olib borayotganini ta’kidladi. Tramp ham muzokaralar haqida ijobiy ishoralar bergan bo‘lsada, “hammasi hali aniq emas”ligini bildirgan.
Ukraina TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Kislitsa ma’lum qilishicha, dastlabki 28 punktli reja endi 19 bandga qisqartirilgan. Eng nozik, xususan hududiy masalalar endilikda faqat davlat rahbarlari darajasida muhokama qilinadi.
Qiziq jihati, Kreml rasmiy vakili Yuriy Ushakov Yevropa tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan variantni “mutlaqo konstruktiv emas” deb atadi. Birlashgan Qirollik bosh vaziri Kir Starmer Ukraina bo‘yicha “koalitsiya yig‘ilishi” o‘tkazilishini ma’lum qilib, “adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun hali ko‘p ish bor”ligini aytdi.
Ekspertlar fikricha, nizo boshlanganiga to‘rt yil bo‘layotgan bir paytda yangilangan tinchlik rejasi mojaroni tugatish uchun hozircha eng real diplomatik imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA