Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni ogohlantirdi
Raqobat qo‘mitasiga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati bo‘yicha iste’molchilardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10-15, ba’zan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4, 19 va 21-moddalariga asosan
iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli bo‘lishini talab qilishga haqli. Shuningdek, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart. Undan tashqari sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yo‘l qo‘ymasliklari kerakligi, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan, ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishlari lozimligi borasida ogohlantirdi.
Qo‘mita xabarida qayd etilishicha, iste’molchilar huquqlari buzilganda Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilishi mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA