Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi navbatdagi mintaqaviy tadbir emas, balki butun mintaqaning yaqin o‘n yoki yigirma yillik siyosiy-iqtisodiy arxitekturasini belgilab beruvchi yirik siyosiy voqea bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi aynan shu uzoq muddatli, strategik rejani oydinlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Davlatimiz rahbari endilikda bunday uchrashuvlarni “maslahat formati” emas, balki yangi tipdagi “Markaziy Osiyo hamjamiyati” sifatida nomlashni taklif etdi.
Sammitda Prezidentlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan xavflar katalogi va chora-tadbirlar rejasi, Qirg‘iz Respublikasining BMT Xavfsizlik Kengashiga nomzodini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi murojaat hamda Ozarbayjonning formatga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilinishi bilan bog‘liq muhim hujjatlarni tasdiqladi. Bu qarorlar Markaziy Osiyoni geosiyosiy beqarorlik sharoitida faqat kuzatuvchi emas, balki tashabbuskor sub’ekt sifatida tasavvur qilinishiga zamin yaratadi.
Bu yerda ikki muhim jihatga e’tibor qaratish zarur. Birinchidan, mintaqa endi tashqi markazlar tashabbusi bilan tuzilgan blok va ittifoqlarga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik bilan cheklanmaydi. Aksincha, o‘zining mustaqil mintaqaviy institutlarini yaratish yo‘lidan bormoqda. Mazkur jarayon global tartibot parchalanib, xalqaro jarayonlar oldindan bashorat qilib bo‘lmas darajada murakkablashgan bir vaqtda tabiiy himoya mexanizmi sifatida mahalliy hamjamiyatlarning mustahkamlanishi tendensiyasiga to‘la mos keladi.
Ikkinchidan, taklif etilgan format “Bryusselcha integratsiya”dan faqrli o‘laroq, suverenitetni cheklash emas, balki maslahat, kelishuv va bosqichma-bosqich yaqinlashuvga asoslangan “yumshoq integratsiya” modelidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “mintaqamizni 10-20 yildan keyin qanday ko‘rishni xohlashimiz haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish” strategik ahamiyatga ega. Aks holda mintaqa o‘z-o‘zidan tashqi qutblar o‘yinining ob’ektiga aylanib qoladi.
Ozarbayjonning maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilinishi sammitning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida shakllanayotgan siyosiy-iqtisodiy ko‘prik nafaqat tranzit makoni, balki kengroq geosiyosiy fazoning muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda. Transkaspiy yo‘laklarining kuchayishi, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on koridori va Kaspiy orqali yo‘llarning o‘zaro uyg‘unlashishi mintaqaning strategik va iqtisodiy imkoniyatlarini sezilarli oshiradi.
Bu yerda yana bir nozik jihat borki, u ham bo‘lsa, Ozarbayjonning allaqachon Turkiy davlatlar tashkiloti, NATOning sheriklik formatlari, energiya koridorlari orqali G‘arb tartiboti bilan yaqin aloqada ekani. Uning maslahat formatiga kirishi “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ni faqat “postsovet klubi” emas, balki Yevroosiyo-Janubiy Kavkaz-Yaqin Sharq kesishgan nuqtada turgan kengroq geosiyosiy hududga aylantiradi. Bu, o‘z navbatida, mintaqa davlatlariga bir tomonlama qaramlikdan ko‘ra, ko‘p vektorli siyosat olib borishda qo‘shimcha maydon yaratadi.
Sammitda qabul qilingan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi” va 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan xatarlar katalogini oddiy formallikdan ko‘ra, mintaqa muammolarini chuqurroq anglashga intilish deyish mumkin. Global darajada xavfsizlik arxitekturasi yemirilayotgan, BMT tizimi o‘ziga bo‘lgan ishonch inqirozini boshdan kechirayotgan, Ukraina, Yaqin Sharq, Qora dengiz, Hind-Xitoy, Afg‘oniston-Pokiston chegarasi kabi nuqtalarda ziddiyatlar murakkablashgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlari xavf va tahdidlarni birgalikda o‘z nomi bilan atashga, ularni jilovlashga, eng muhimi, birgalikda javob berish mexanizmini belgilashga harakat qilmoqda.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasining BMT Xavfsizlik Kengashiga nomzodini qo‘llab-quvvatlash haqidagi murojaat mintaqaning global minbarda birlashgan pozitsiya bilan chiqishga intilishini ko‘rsatadi. Ushbu tashabbus amalga oshsa, Markaziy Osiyoning xalqaro qaror qabul qilish jarayonlaridagi nufuzini yangi bosqichga olib chiqishi, shubhasiz.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi Markaziy Osiyoning geosiyosiy manzarasida keskin burilish yasab, mintaqaning endilikda faqat tashqi kuchlar ta’sir maydoni emas, balki o‘z strategik manfaatlarini shakllantira oladigan mustaqil markaz sifatida shakllanayotganini yaqqol namoyon qildi. Mintaqa uzoq yillar davomida tashqi inqirozlarga faqat reaksiya qilib kelgan bo‘lsa, bugun u o‘zining tashabbuskor modellarini, xavfsizlik mexanizmlarini va hamkorlik formatlarini ilgari surmoqda.
Albatta, mintaqa oldida hal qilinishi oson bo‘lmagan jiddiy muammolar mavjud. Ammo e’tiborli jihat shuki, Markaziy Osiyo birinchi marta o‘z kelajagini bir butun mintaqaviy manzara sifatida tasavvur eta boshladi. Shu ma’noda, Toshkent sammiti va Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi mintaqaning o‘z kelajagini qo‘lga olish yo‘lidagi ilk jiddiy qadamlardan biri bo‘ldi. Agar bu tamoyil izchil davom etsa, Markaziy Osiyo global beqarorlik sharoitida uzoq muddatli, pragmatik va muvozanatli hamkorlikning yangi modeliga aylanishi mumkin.
Mavlon Boboxonov,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand
davlat universiteti professori,
Xalq deputatlari Samarqand
viloyat kengashi deputati.
O‘zA