Spiker: Trampning Prezidentimiz haqidagi fikrlari AQSHning O‘zbekistondagi islohotlarga ishonchidan dalolatdir
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari, shuningdek, parlament nazorati faoliyatiga doir masalalar muhokama qilinmoqda.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov o‘tgan hafta davomida mamlakatimiz hayotida sodir bo‘lgan muhim voqeliklarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammiti – Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH yetakchilari uchrashuvi haqida so‘z yuritdi:
– Davlatimiz rahbarining Vashingtonga amaliy tashrifi va AQSH Prezidenti Donald Tramp va AQSHning boshqa yuqori martabali doiralari vakillari bilan uchrashuvi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ikki tomonlama uchrashuv yakunlari, ayniqsa, AQSH Prezidenti Donald Trampning bizning Prezidentimiz haqidagi fikrlari AQSHning O‘zbekistondagi islohotlarga ishonch bilan qarayotganidan dalolat beradi.
C5+1 sammiti Markaziy Osiyoning nafaqat mintaqaviy, balki global masalalarni hal etishdagi ishonchli hamkor sifatida o‘rni oshib borayotganini ko‘rsatadi. Mintaqamizda xavfsizlikni ta’minlash bilan birga, barqaror rivojlanishni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston uchun ushbu platforma nafaqat diplomatik muloqotni, balki iqtisodiy rivojlanish, innovatsiyalarni joriy qilish, xalqaro maydonda mustaqil faol ishtirok etish imkoniyatini ham ta’minlaydi.
Davlatimiz rahbari sammitda so‘zga chiqib, ushbu format doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, format doirasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Kotibiyat tashkil etish, investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi jamg‘armasini yo‘lga qo‘yish, mintaqaviy agrotexnologik sheriklik platformasini tashkil etish kabi tashabbuslar ushbu formatdagi aloqalar natijadorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Sammit doirasida Prezidentimiz AQSH Kongressi palatasi a’zolari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgani parlament diplomatiyasiga e’tiborning yaqqol ifodasidir. Uchrashuvda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlari aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi, – dedi Spiker.
Shuningdek, Spiker yurtimizda Tibbiyot xodimlari kuni va Kasaba uyushmalari xodimlari kuni keng nishonlangani va ushbu sanalar munosabati bilan Prezidentimiz yo‘llagan tabriklar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA