Elektron texnologiyalar rivojlangan davrda shubhasiz, inson ijod mahsullarining qadri yanada ortib bormoqda. Bugun internet, ijtimoiy tarmoqlar, sun’iy intellekt va raqamli ommaviy axborot vositalari orqali asarlar bir soniyada millionlab foydalanuvchilarga yetib boradi. Lekin bu jarayonlarda har doim ham mualliflik huquqi va unga oid masalalar qoidalarga javob beravermaydi. Shu jarayonda mualliflik huquqini himoya qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, mualliflik huquqi — bu nafaqat ijodkorning manfaatini himoya qiluvchi, balki milliy madaniyat va iqtisodiyot rivojini ta’minlovchi vosita.
Yaqinda ushbu masalaga oid muammo jamoatchilik e’tiboriga tushdi. 2019 yilda amerikalik tadqiqotchi va tarjimon Mark Edvard Riz tomonidan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani “Bygone days” nomi bilan ingliz tiliga tarjima qilingan edi. Ushbu asarning bir nusxasi tarjimon tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga hadya qilingan. Lekin tarjimon “Bygone days” asari skanerlab butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqalib ketganidan norozi bo‘ldi. Uning fikricha, sodir bo‘lgan holatni intellektual mulkning o‘g‘irlanishi va bunday holatlar O‘zbekistonga nisbatan mualliflik huquqini himoya qila oladigan sherik sifatidagi ishonchiga putur yetkazishini bayon qildi. U o‘zining tarjima asari bilan sodir bo‘lgan “qaroqchilik” hodisasi shunchaki shaxsiy alam emas, balki mamlakatda mualliflar va tarjimonlar mehnatiga qanday munosabatda bo‘lishayotganining ko‘rsatkichi ekanini ta’kidladi.

Ushbu maqola ortidan esa O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bayonotning mazmuni nafaqat tarjimonning tashvishlariga javob, balki intellektual mulkni himoya qilish, ilmiy adabiyotlarni ta’lim jarayonida foydalanish va xalqaro standartlarga rioya qilish masalalariga doir kengroq tushuntirishlarni o‘z ichiga oladi.
Bayonotda avvalambor Mark Risning Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini ingliz tiliga yuqori darajada tarjima qilgani e’tirof etiladi. Tarjima nafaqat sifatli ilmiy ish, balki o‘zbek adabiyotini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydi. Universitet ushbu asarni o‘z talabalari uchun ilmiy va madaniy manba sifatida taqdim etganini ta’kidlaydi. Bu esa tarjima kompetensiyasi va qiyosiy adabiyotshunoslikni rivojlantirishga xizmat qilgan.
O‘zDJTU bayonotida intellektual mulkni himoya qilish masalasi alohida ta’kidlangan. Universitet Bern konvensiyasi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tamoyillariga qat’iy rioya qilishini bildiradi. Tarjimon tomonidan topshirilgan asar esa faqat universitet kutubxonasida mavjud bo‘lib, o‘quv maqsadlarida foydalanishi keltirib o‘tilgan. Bu, asosan, tarjima amaliyoti, qiyosiy adabiyot tahlili va ingliz tili ta’limi jarayonlarini qamrab oladi.
Bayonotda keltirilishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari o‘z ilmiy va o‘quv adabiyotlariga oid elektron bibliografik yozuvlarni Unilibrary.uz platformasiga joylashtirishi shart.
Universitetning tushuntirishicha, Mark Risning tarjimasi bo‘yicha tizimga faqat bibliografik ma’lumot texnik talablar asosida kiritilgan va kitobning to‘liq matni hech qachon ommaga taqdim etilmagan. Muallifning ruxsati talab qilinishi aniqlangach, bibliografik yozuv tizimdan olib tashlangan va asarning raqamli versiyasiga kirish imkoniyati butunlay yopilgan.
Unilibrary.uz — bu 110 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlarini birlashtiruvchi yagona milliy platforma bo‘lib, u notijorat xususiyatga ega va faqat axborot va ta’limiy maqsadlarga xizmat qiladi. Bayonot mualliflik huquqlarini himoya qilish platformaning asosiy tamoyillaridan biri ekanini alohida ta’kidlaydi.

O‘zDJTU rasmiy bayonotida Mark Risning tashvishlari jiddiy qabul qilingani, yuzaga kelgan har qanday noqulaylik uchun uzr so‘ralgani ko‘rsatilib, intellektual mulk va ta’limiy jarayonlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga bo‘lgan intilish bildirilgan. Bayonot, shuningdek, tarjimon va universitet o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zbek adabiy merosini xalqaro maydonga olib chiqish va ta’lim jarayonini intellektual mulk me’yorlariga muvofiq tashkil etishning muhimligini ta’kidlaydi
Masala ushbu bayonot bilan hal bo‘lib qolmadi. Bu javob tarjimonni qoniqtirmagan va u mualliflik huquqi buzilgani uchun boshqacha chora ko‘rilishi kerakligini ta’kidlagan. Ushbu vaziyatda ikki xil qutbda fikrlovchilar bor. Ba’zilar, tarjima ushbu universitetga sovg‘a qilingan va buning elektron shaklda tarqalishida mualliflik huquqi talab etilmaydi deb baholashsa, ikkinchi tomon sovg‘a qilingan kitobni skanerlash va internet bo‘ylab tarqatish tarjimonning ulkan mehnatini qadrsizlash deya hisoblashadi.
Yuqorida keltirilgan masala mualliflik huquqi buzulishiga oid birgina misol. Lekin “qaroqchilik” (piratlik) – O‘zbekiston kitob bozoridagi jiddiy muammo. Uni amalda nazoratini ta’minlash, noshirlar ustidan nazorat va mualliflik huquqlariga rioya qilish mexanizmlari yetarli emas. Masalan, hozirda maxsus, ya’ni aynan ma’lum nashriyotga tegishli bo‘lgan kitoblar shunchaki qayta nashr etilib, ikki-uch marta arzon sotilayotgan vaziyatlarga duch kelmoqdamiz.
Biz kitoblarni rasman olib kirib, soliqlar va bojxona yig‘imlarini to‘lab ham davlatga, ham o‘quvchilarga foyda keltirishimiz mumkin. Lekin “piratlik” nusxalari ulkan zarar yetkazmoqda. Chunki ushbu nusxalarda tarjima darajasi va kitob ma’nosi yuqori darajada ta’minlanmaydi va shuning uchun ham ushbu “qo‘lbola” ishlar arzongarov baholanadi. Afsuski, ko‘p xaridorlar arzonroq narxlarni tanlab, tarjimada ma’no quyi darajada saqlanib qolgan asarlar o‘qishga majbur bo‘ladi.
Afsuski, O‘zbekistonda mualliflik huquqlari buzilishi ommaviy hodisadek gap bo‘lib qoldi. Bunda gap faqat kitob va musiqa asarlari “qaroqchiligi”dagina emas. Hatto reklama kampaniyalari boshqalarning materiallaridan ruxsatsiz foydalanayotganini ham ko‘rishimiz mumkin. Plagiat, ayniqsa, ilmiy muhitda og‘riqli namoyon bo‘lmoqda: noqonuniy o‘zlashtirishlar, maqolalarni “qayta ishlashlar”, o‘zbek tilidagi ruxsat etilmagan tarjimalar va nashrlar – bularning hammasi muntazam hayotimizda uchrab turibdi. Bu avvalo, ilmiy muhitning yomonlashuvi, soxta ilmiy ish va maqolalar ko‘payishiga xizmat qilib jamiyat rivojlanishiga katta g‘ov bo‘lmoqda.
Tadqiqotlar va kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, aholining mualliflik huquqi to‘g‘risidagi tushunchasi cheklangan. Ko‘pchilik “internetdagi material hammaga ochiq, demak foydalanish mumkin” degan noto‘g‘ri qarashga ega. Bu esa huquqbuzarliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda elektron kitoblar uchun to‘lov madaniyati bor, juda sust. Hozir odamlar tobora ko‘proq filmlar, musiqaga obuna uchun pul to‘lashyapti va bu odat kitoblarga ham sekin-asta tarqalmoqda.
Kontentga to‘lov madaniyati mustahkamlanishi uchun, avvalo, odamlarga shinamlik va qulaylik taklif qilish zarur. Pulli ilovalarda bepul PDF va oddiy kanallarda tarqatiluvchi materiallarda yo‘q funksiyalar bo‘lishi shart. Misol uchun: tavsiyalar, navigatsiya, audioformat, qisqacha ta’riflar, parcha eshitib ko‘rish imkoniyati bo‘lishi mumkin. Foydalanuvchi qulaylik va sifat uchun pul to‘layotganini his qilsa, unda kontent uchun haq to‘lashning ongli odati paydo bo‘ladi.
Mualliflik huquqi — bu nafaqat ijodkorning manfaatini himoya qiluvchi, balki milliy madaniyat va iqtisodiyot rivojini ta’minlovchi mexanizm. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu borada muhim qadamlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, hali ham keng jamoatchilikning huquqiy ongini yuksaltirish va amaliy mexanizmlarni mustahkamlash talab qilinadi. Mualliflik huquqini chuqur anglash, unga rioya etish va hurmat bilan qarash madaniyatini shakllantirish kelajakda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishida muhim omil va asl asarlarga juda yaqin ma’no ifodalovchi sifatli ijodiy ishlardan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA