Farg‘ona viloyatida sug‘orish va ichimlik suvi ta’minotida tik quduqlarning ulushi tobora ortib boryapti. Masalan, birgina Farg‘ona tumanining o‘zida 145 ta tik quduq ishlab turibdi. Undan chiqqan suv dala va hovli tomorqalariga yo‘naltiriladi.
– 20 yildan buyon shu tik quduqdan suv olib dehqonchilik qilamiz, – deydi Farg‘ona tumani Oqbilol hududi agronomi Umidjon To‘xtasinov. – Ilgari tik quduq to‘lovlari davlat hisobidan bo‘lganida suv ariqlarni to‘ldirib, ba’zi joylarda toshib kelar edi. Hatto e’tiborsizligimiz tufayli ekin maydonini suv bosib qolgan xollar ham bo‘lgan. Endi esa suvni ham, elektrni ham tejash zarur bo‘lib qoldi. Chunki ishlatilgan suv hajmi va elektr quvvati haqqini o‘zimiz to‘lashimiz lozim. Shuning uchun barcha harakatni suvni tejashga qaratdik. Ariqlarni betonlayapmiz, suv yo‘liga quvurlar va suv to‘sqichlar o‘rnatyapmiz.

Ha, endi tilimizdagi “suvtekin” iborasi muomaladan chiqdi. Endi har bir narsaning, ayniqsa, suvning qadri baland. Chunki yashil vodiy Farg‘onada ham suv taqchilligi sezila boshladi. Ayniqsa, bu yil tabiat quruq keldi. Bahor, yoz, kuzning shu kunigacha ham deyarli yomg‘ir yog‘madi. Tog‘larda esa qor juda kam. Qolaversa, yer osti suvlarining sathi so‘nggi o‘n yilda 2 metrga pasaygani kuzatildi.

– Har bir fermer ishlatgan suvidan samarali foydanishi hamda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun aqlli suv o‘lchagichlar qo‘yilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyat nasos stansiyalari boshqarmasi mutaxassisi Halimiddin Qulpiddinov. – Shu kungacha 16 ta tik quduqqa o‘rnatilgan bo‘lsa, yil oxirigacha 100 ta tik quduqqa aqlli suv o‘lchagichlar o‘rnatiladi.

Dehqon endi faqat suvnigina emas, elektr quvvatini ham tejashi kerak. Buning samarali yo‘li tik quduq yonida muqobil energiya ishlab chiqarish edi. Hozir Farg‘ona viloyatidagi o‘nlab quduq suv tortqich nasoslari quyosh batareyalaridan olinayotgan elektr quvvati bilan ishlashga o‘tdi.

Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘ida 8 ming aholi yashaydi. Ularning har biri uzumchilik bilan mashg‘ul. Hududdagi tik quduqlar paxta, g‘alla, boshqa dehqonchilik qatori xonadonlardagi tomorqalarga ham xizmat ko‘rsatadi.
– 700 ga yaqin xonadon bor. Ularning hammasi tomorqasini oqin suv yo‘qligi tufayli tik quduqdan sug‘oradi, – deydi “Orzu” suvdan foydalanish jamoa uyushmasi raisi Ahmadjon Madrahimov. – Biz xonadonlarga soatbay suv beramiz. Ular esa ishlatilgan suv va elektr energiya to‘lovini amalga oshiradi.
Suv va uni yetkazish uchun sarflanadigan elektr quvvati haqini iste’molchi to‘laydigan bo‘lganidan keyin tomorqachilar ham tejamkorlikka o‘tdilar.
– Xonadonlarga suv tejash texnologiyalari joriy etilmoqda. 30 dan ortiq xonadonlar tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tdi. Ilgari ariqdan 3 soat sug‘organ tomorqasini hozir o‘sha suvning 10 foizi bilan sug‘oryapti, – deydi Ahmadjon Madrahimov.
Shunday qilib, Farg‘ona viloyatida tik quduqlarga aqlli hisoblagichlar o‘rnatilishi ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida bozor qonuniyatlarini qaror toptirmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4sa7kj-1ajY" title="Tik quduqlarga aqlli hisoblagichlar o‘rnatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA