Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishiga jiddiy to‘sqinlik qiladi. Bu illat davlat muassasalari va korxonalar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, adolatni yo‘qotmaslik va fuqarolarning ishonchini saqlashga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois, uning oldini olish va unga qarshi kurashish davlat idoralari, sud organlari va korxonalarning eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.
“O‘zenergoinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat idoralari va tashkilotlarning, balki har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati ham hisoblanadi. Shu bois, bunday seminarlar xodimlarning murosasizlik tamoyiliga amal qilishini mustahkamlash, amaliyotda shaffoflik va adolatni ta’minlash hamda jamiyatda ishonch muhitini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Ular xodimlarga qonunchilikni to‘liq tushunish, korrupsiyaga qarshi mexanizmlarni bilish va turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini berishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Seminar davomida xodimlarning korrupsiyaga murosasiz munosabatini shakllantirish, uning har qanday ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik va amaliyotda shaffoflikni ta’minlash masalalari tahlil etildi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ularning amaliyotda qo‘llanilishi muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, ular ishtirokchilarga korrupsiya illatini kamaytirish va bartaraf etishda samarali mexanizmlar, jumladan, faol shaxsiy nazorat, shaffof qaror qabul qilish jarayonlari va mas’uliyatli faoliyatni tashkil etish borasida tavsiyalar berdi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda shaxsiy mas’uliyat, murosasizlik va adolatli faoliyatning ahamiyati ta’kidlandi. Bunday tadbirlar xodimlar orasida korrupsiyaga nisbatan ogohlikni oshirish, jamiyatda adolat va shaffoflikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, seminarda berilgan tavsiyalar amaliyotga keng qo‘llanilishi xodimlar ishining samaradorligi va qonunchilikka rioya qilish darajasi oshishiga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA