Adliya vazirligida “Banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yangi nizom banklar, shu jumladan mikromoliya banklari uchun qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, qimmatbaho metallar bilan quyidagi operatsiyalarga ruxsat berilgan.
Xususan, mijozlar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni bankning mobil ilovasi orqali sotib olish va sotish, banklar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni Markaziy bank orqali sotib olish va sotishga ruxsat berilgan.
Shuningdek, qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishda sotish va qaytarib sotib olishga ruxsat beriladi.
Operatsiyalar bankning mobil ilovasi orqali oferta shartnomasini tasdiqlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng, mijozning mobil ilovasida sotib olingan oltin quymaning «maxfiy kodi» aks ettiriladi.
Mijoz bankdan quymani olish uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda ilova orqali kelgan **«maxfiy kod»**ni taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA