Meksika shimoli-g‘arbidagi oilalar uchun o‘tgan dam olish kunlari fojiali keldi: Ermosilo markazidagi chegirma do‘konida halokatli yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada 23 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam jarohat oldi. Bu haqda "ArabNews" xabar bergan.
Bu galgi dam olish kunlari ushbu mamlakatda an’anaviy bayram sifatida nishonlanadigan "Xotira kuni"ga to‘g‘ri keldi. Mazkur sanada xonadonlarda marhum yaqinlarni xotirlashadi.
– Baxtsiz hodisa sababini aniqlash uchun puxta va shaffof tergov o‘tkaziladi, – dedi Sonora shtati gubernatori Alfonso Duraso ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan video murojaatida. Darvoqe, qurbonlar orasida bolalar ham borligi qo‘shimcha qilingan.
Shtat bosh prokurori Gustavo Salas sud-tibbiy xizmat ma’lumotiga tayanib, vafot etganlarning aksari zaharli gazdan nafas olish natijasida bo‘g‘ilganini aytdi.
– Halok bo‘lganlarning barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman, – deb yozdi Prezident Klaudiya Sheynbaum ijtimoiy tarmoqda va qurbonlar, jarohatlanganlar oilalariga yordam berish uchun qo‘llab-quvvatlash guruhlariga ko‘rsatma berilganini qo‘shimcha qildi.
Yong‘in sababi hali noma’lum. Ba’zi ommaviy axborot vositalari elektr uzilishi haqida xabar bermoqda. Shahar rasmiylari mashhur "Waldo's" chegirma tarmog‘ining bir qismi bo‘lgan do‘kon hujum nishoni emasligini ta’kidlagan.
Shahar yong‘in xizmati boshlig‘i portlash bo‘yicha tergov davom etayotganini bildirdi.
M.Pirmatova, O‘zA