Bugun Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati start oladi. Chempionatning ilk kunida "A", "B", "C" va "D" guruhlarida ilk tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 3 noyabr kuni "A" guruhidan o‘rin olgan JAR va Boliviya terma jamoalari chempionatning ilk o‘yinida maydonga chiqsa, Qatar va Italiya termalari o‘rtasidagi to‘qnashuv ham birinchi kundan o‘rin olgan.
Shuningdek, "B" guruhida Yaponiya – Marokash, Yangi Kaledoniya – Portugaliya, "C" guruhida Senegal – Xorvatiya, Kosta-Rika – BAA, "D" guruhida Argentina – Belgiya, Tunis – Fiji terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Birinchi tur doirasidagi Argentina – Belgiya uchrashuvini o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi boshqaradi. O‘yinda Rustam Lutfullin bosh hakam sifatida ishlasa, unga qanotlarda Sanjar Shoyusupov va Akmal G‘iyosov yordam beradi.
Ma’lumot o‘rnida: Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U17 terma jamoasi musobaqaning "J" guruhidan o‘rin olgan.
Futbolchilarimizning dastlabki uchrashuvi 5 noyabr kuni soat 18:00 da Paragvayga qarshi o‘tsa, 8 noyabrda Irlandiya bilan kuch sinashadi. Guruhdagi so‘nggi o‘yin 11 noyabr kuni Panama termasiga qarshi tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA