Bugun bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir iste’molchining huquqlari himoya qilinishi raqobat muhitining adolatli va shaffof bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shu bois, davlat idoralari tomonidan korxonalar faoliyatidagi qonunbuzilish holatlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filiali harakatlaridan norozi bo‘lib, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida hisobga olish uskunasi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ulangan bo‘lishiga qaramay, undagi ikkilamchi zanjirlar noto‘g‘ri ulangani aniqlandi. Bu texnik xatolik sababli iste’molchiga oxirgi uch yil uchun 1 milliard so‘mdan ortiq asossiz to‘lov hisoblangan. Shuningdek, bu holat eski tahrirdagi qoidalarda nazarda tutilmagani va iste’molchi ko‘rsatkichlari chegirilmagani ma’lum bo‘ldi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, ustun mavqega ega sub’ektning ortiqcha haq olishi yoki iste’molchilar manfaatini kamsitishi ustun mavqeni suiiste’mol qilish hisoblanadi.
Shu asosda hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ish yakunlariga ko‘ra, iste’molchiga asossiz hisoblangan 1 milliard 97 million so‘mni qayta hisob-kitob qilish, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida bunday xatolikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma berildi. Shuningdek, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Bu qaror bozor munosabatlarida adolat tamoyili ustuvor ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Iste’molchi manfaatini himoya qilish — nafaqat bir tashkilot yoki sohaning vazifasi, balki butun jamiyatning iqtisodiy barqarorligi va ishonch muhitini ta’minlovchi muhim omil.
N.Rahmonova, O‘zA