Shanxay shahridagi yirik savdo majmualarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Tadbirlar Xitoy Iste’molchilar assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilib, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, iste’molchilarga o‘z huquqlarini bilish va ulardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini berishga qaratilgan.
Tadbirlar davomida fuqarolarga tovar va xizmatlar sifati, kafolatlar, sifatsiz mahsulotlar bilan bog‘liq muammolarni hal etish tartibi hamda shikoyat bildirish yo‘llari haqida amaliy tushunchalar berilmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar soxta mahsulotlardan himoyalanish, xavfsiz tovarlarni tanlash va iste’molchi sifatida o‘z manfaatlarini qonuniy himoya qilish bo‘yicha maslahatlar olishmoqda.
Targ‘ibot ishlari ma’ruza, trening, master-klass va individual konsultatsiyalar shaklida o‘tkazilmoqda.
Savdo majmualarida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun esa mahsulot sifati va xavfsizlik standartlarini ta’minlashga oid maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, iste’molchi huquqlariga oid foydali ma’lumotlar savdo markazlarida joylashtirilgan axborot stendlari, reklama bannerlari hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilinmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan birga, ishlab chiqaruvchilar va mijozlar o‘rtasida ishonchli hamkorlikni mustahkamlab, iqtisodiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA