Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimitakomillashtirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Sud hujjatlar va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha Respublika va hududiy kengashlar tashkil etildi.
Bosh prokuraturada mazkur kengashning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda kengash a’zolari, Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha hududiy kengashlar raislari va a’zolari hamda prokuratura va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.

Tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida ayrim jiddiy muammolar saqlanib qolayotganligi ta’kidlandi. Ayniqsa, kompensatsiya pullari to‘lanishi bilan bog‘liq mavjud muammolar keskin tanqid ostiga olindi.
Dolzarb masalalardan biri bo‘lgan aliment undiruvlari va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hujjatlar ijrosiga to‘xtalib o‘tildi. Bu borada kengash a’zolari hamda hokimliklar, byuro va boshqa tegishli idoralar mutasaddilarining tushuntirish va izohlari eshitildi.

Fuqarolar hamda tadbirkorlar foydasiga kompensatsiya to‘lovlarini undirish, ishga tiklash va ish haqlarini undirib berish, shuningdek, ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aliment undiruvlarini jadallashtirish, elektron hamkorlik tizimini yanada takomillashtirish va bir qator muhim masalalar bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.
Tadbir yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.
N.Abduraimova, O‘zA