Xalqimiz orasida bilagi zo‘r birni, bilimi zo‘r mingni yengar, degan gap bor.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil imzolangan “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aynan odamlar orasida tafakkur va bilim kengliklarini keng yoyishga zarur shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan ediki, bugungi kunga kelib, “Zakovat” intellektual o‘yini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham ommalashmoqda.

Darhaqiqat, “Zakovat” intellektual o‘yinining bugun yurtimizda aholining barcha qatlamlari o‘rtasida tizimli tarzda o‘ynalayotgani, musobaqalar, turnirlar tashkil etilayotgani jamiyatda tafakkur eta oladigan, o‘z qarashlariga, mustaqil fikriga ega bo‘lganlar safini yanada kengaytirmoqda.

Kuni kecha “Zakovat” o‘yini bo‘yicha davlat tashkilotlari, xususan, arxiv sohasida faoliyat yuritadigan idoralar o‘rtasida “O‘zarxiv” agentligi kubogi” uchun tashkil etilgan musobaqa qamrovi ham yurtimizda tafakkur etishga, fikrlashga ishtiyoqmandlar soni ortib borayotganini ko‘rsatdi.
40 dan oshiq jamoa ishtirokida kechgan his-hayajon va qizg‘in raqobatga boy o‘yinlar yakunida Adliya vazirligi jamoasi g‘oliblikni tantana qildi.
Berilgan savollar, o‘rtaga tashlangan jumboqli masalalarga hozirjavoblikda Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi jamoasi 2-o‘rinni egalladi. Musobaqada munosib ishtirok etgan "O‘zbekiston tarixi" telekanali jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA