Xitoy iste’molchilar assotsiatsiyasi taklifiga binoan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillari Xitoyda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Xitoy iste’molchilar assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjat ikki davlat fuqarolarining iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlarini himoya qilish, elektron tijorat sohasidagi transchegaraviy murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Tomonlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida axborot va tajriba almashish, aholining huquqiy bilimini oshirish, elektron tijoratda iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash va bozorda adolatli raqobatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Memorandumni imzolash marosimida Xitoy iste’molchilar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Xitoy kommunistik partiyasi qo‘mitasining mas’ul vakili Gan Lin xonim, shuningdek, O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA