Piskentlik Larisa Do‘stmanbetova hayot sinovlarini mardona yenggan, irodasi mustahkam ayollardan biridir.
U hozir hududdagi 79-sonli maxsus maktab-internatda poyabzal ta’miri bilan shug‘ullanadi. Taqdir uni jismoniy imkoniyatlarini cheklagan bo‘lsada, hayotga bo‘lgan ishonchi va irodasi bukilmadi.

Aslida L.Do‘stmanbetova aynan o‘sha maktab-internatda ulg‘aygan. Bugun esa u o‘zining mehnatsevarligi, tirishqoqligi va hayotga ijobiy munosabati bilan yoshlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. U har bir ishni sidqidildan bajaradi, har bir poyabzalni tuzatarkan, “mehnat insonni ulug‘laydi” degan fikrni amalda namoyon etadi.

— Inson doim intilib yashashi kerak. Hayotda sinovlar ko‘p, lekin kimki to‘xtab qolmasa, albatta o‘z yo‘lini topadi, — deydi Larisa Do‘stmanbetova. — Men ham ko‘p narsalarga qiynalib erishganman, lekin hech qachon taslim bo‘lmadim.

2019 yilda L. Do‘stmanbetova hayotdagi jasorati, fidokorona mehnati va o‘z kasbiga sadoqati uchun "Jasorat" medali bilan taqdirlandi. Bu mukofot uning nafaqat mehnatdagi yutuqlarini, balki inson sifatidagi fazilatlarini ham e’tirof etadi.
Larisaning hayoti qo‘l-oyog‘i butun, ammo hayotda shukr va mehnatni unutgan ayrim insonlar uchun haqiqiy ibratdir. U hayotdagi shiorini takror aytishdan charchamaydi: imkoniyatni emas, irodani, inson o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishi eng katta yo‘qotishdir.
A. Musayev, O‘zA