Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va rafiqasining mamlakatimizga tashrifi doirasida rasmiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlarini rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Serbiya Respublikasi Birinchi xonimi Tamara Vuchich uchrashuv o‘tkazdilar. Norasmiy muloqot chog‘ida xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar, gumanitar va madaniy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.



Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchichning muzokaralari natijalari O‘zbekiston - Serbiya munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.



Shundan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich madaniy dasturda qatnashdilar. Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi va an’anaviy marosimlari namoyish etildi.
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tib, hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini tasdiqladi.



O‘zA