Anqara va London 20 ta “Eurofighter Typhoon” qiruvchi samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha 9 milliard yevro qiymatidagi kelishuvni imzoladi, deb xabar bermoqda “Euronews” nashri.
Bitim Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning Turkiyaga ilk tashrifi chog‘ida imzolandi. U prezident Rejep Tayyip Erdog‘an bilan birgalikda marosimda ishtirok etdi.
– Biz Yevropaning qarama-qarshi tomonlarida joylashganmiz, ammo bugun har qachongidan ham yaqin hamkorlarmiz, — dedi Starmer. – Ushbu hujjat NATO xavfsizligini mustahkamlaydi, mudofaa sohasidagi hamkorligimizni chuqurlashtiradi va ikkala mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltiradi.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Buyuk Britaniyada 20 mingta ish o‘rnini saqlab qoladi va kelajakda Turkiyaga qo‘shimcha samolyotlar sotish imkoniyatini ham beradi.
Erdog‘an bu bitimni “ikki yaqin ittifoqchi davlatlar o‘rtasidagi strategik aloqalarning yangi ramzi” deb atadi.
Ma’lumot o‘rnida: “Eurofighter” samolyotlarini Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Ispaniya qo‘shma hamkorlikda ishlab chiqadi. Loyiha Birlashgan Qirollikning “BAE Systems” kompaniyasi tomonidan boshqariladi. GFR yaqinda Turkiyaga bu samolyotlarni sotishga qo‘yilgan uzoq yillik vetosini bekor qilgan edi.
Anqara shuningdek, Qatar va O‘mondan 24 ta ”Typhoon” samolyotini sotib olishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, o‘lka AQSH boshchiligidagi F-35 dasturiga qaytishni mo‘ljallamoqda. Turkiya 2019 yilda Rossiyadan S-400 mudofaa tizimini xarid qilgani uchun bu dasturdan chiqarilgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA