Yangi Zelandiyada 13 yoshli bola 100 ga yaqin kuchli neodim magnitlarini yutib yuborganidan so‘ng og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi, deb xabar bermoqda “CNN” nashri.
Ta’kidlanishicha, shifokorlar jarrohlik amaliyoti payti bola ichagining bir qismini olib tashlashga majbur bo‘lishgan.
Bolakay yutgan magnitlarning har biri 2-5 mm hajmda bo‘lgan. Bunday magnitlar odatda stol bezaklari yoki stressga qarshi o‘yinchoqlar sifatida sotiladi.
Magnitlarning kuchli tortish kuchi ichak devorlarini bir-biriga yopishtirib qo‘yadi, bu esa to‘qimalarning o‘lishi (nekroz), teshilish va hatto hayot uchun xavfli infeksiyaga olib kelishi mumkin.
Avvaliga, bemorda qorin og‘rig‘i kuzatilgach, oradan bir hafta o‘tgach shifokorga murojaat qilgan. Kompyuter tomografiyasi magnitlar ichak ichida to‘rtta zanjir holida yopishib qolganini ko‘rsatgan.
Operatsiya vaqtida magnitlar bosimi tufayli ichak devorlarida nekroz va yirtilish boshlangani aniqlangan. Magnitlar olib tashlangan, biroq bola ichagining bir qismi kesib olingan.
Yangi Zelandiya va Avstraliyada magnit buyumlar savdosi taqiqlangan, biroq ularni internet orqali bemalol sotib olish mumkin. Mutaxassislar ota-onalarni ogohlantirib, bunday magnitlarni bolalar qo‘liga tushmasligini qat’iy nazorat qilishga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA